Biz – birmiz, o‘zbekistonlikmiz!
Jamiyat
−
18 Oktabr
3798Buxoro shahridagi Yoshlar markaziy maydonida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!” shiori ostida navbatdagi ommaviy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda asosiy e’tibor 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan saylov oldidan partiya tarafdorlarini bir maqsad yo‘lida birlashtirish, partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi hamda nomzodlar bilan tanishtirishga qaratildi.
Ommaviy tadbirda partiya raisi so‘zga chiqib, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro saylov mezoni va standartlariga muvofiq ochiqlik, oshkoralik, erkin va adolat prinsiplariga mos ravishda o‘tkaziladigan saylov maydoniga saylovchi ishonchi, saylovchi va xalqimiz manfaatlarining ifodasi sifatida kirayotganini, bugun saylovchilarga quruq va’dalar emas, aniq va lo‘nda taklif va tashabbuslar, ertamizga xizmat qiladigan g‘oyalar kerakligini, bugun saylovchiga yuzaki bahslar, tortishuvlar emas, chin yurakdan, Vatan, millat manfaati yo‘lida aytiladigan oddiy va sodda gaplar kerakligini ta’kidladi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi navbatdagi ommaviy tadbirini o‘tkazish uchun bejiz Buxoro tanlanmaganini, bu zamin jahon hamjamiyati rivojiga, ilm-faniga, madaniyatiga qo‘shgan hissasi, uning tarixi nihoyatda boy va ulug‘vorligini u bilan tanishgan har qanday inson his etishi tabiiy. Buning birgina isbotini Buxoro shahrining tarixiy qismi UNESCO ro‘yxatiga kiritilganidan ham ko‘rish mumkin.
Buxoro madaniy meros ob’ektlariga boy hududlardan biridir. Bugungi kunda viloyatda jami 829 ta moddiy madaniy meros ob’ektlari davlat muhofazasiga olingan bo‘lib, shundan 507 tasi arxitektura, 287 tasi arxeologiya yodgorliklari, 17 tasi monumental san’at asarlari hamda 18 tasi diqqatga sazovor joylardir.
Buxoroliklar bugun ham Yangi O‘zbekiston islohotlarida faol ishtirok etmoqda. Viloyatning turizm salohiyati yanada keng targ‘ib qilinib, O‘zbekistonni sayyohlik rivojlangan davlatlardan biriga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ommaviy tadbirda inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan, inson qadri ustuvor bo‘lgan xalqparvar jamiyat – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!” shiori ostida ishlab chiqilgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi mazmun-mohiyati bilan keng tanishtirildi.
Ta’kidlanganidek, partiya tomonidan “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori bejiz ilgari surilayotgani yo‘q. Bu milliy-madaniy qadriyatlar hamda zamonaviy taraqqiyotning uyg‘unligida O‘zbekistonni qudratli davlat, xalqni farovon bo‘lish yo‘lidagi birlashtiruvchi da’vatdir.
Butun dunyoda insoniyat to‘kin iqtisodiyot qurdi, lekin farovon jamiyat qura olmadi. Buning sababi insoniyatni baxtli qilish uchun faqatgina iqtisodiy farovonlik kamlik qilar ekan.
“Milliy tiklanish” uchun eng ustuvor masala – bu tarbiya. Yangi dasturda ham ana shu g‘oyadan kelib chiqib, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tarbiya va ta’lim, ya’ni maktabgacha va maktab ta’limiga ustuvorlik berilgan. Bu borada bog‘cha va maktablarga tarbiyachi va o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibini joriy etish, “Yangi avlod pedagoglarini tayyorlash Davlat dasturi”ni qabul qilish tashabbusi ilgari surilmoqda.
Bundan tashqari, oilani mustahkamlash, ayollar, yoshlarga munosib sharoitlar yaratish, shu bilan birga, sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish ham eng muhim vazifa hisoblanadi. Shu bilan birga, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, iste’mol tovarlarining tarkibi, sifati va narxi mutanosibligini ta’minlash muhim sanaladi.
Shundan kelib chiqib, dasturda “O‘zbekistonda sog‘lom ovqatlanish milliy Konsepsiyasi”ni qabul qilish, tarkibida “GMO” bo‘lmagan mahsulotlarni ommalashtirish bilan bog‘liq takliflar ham ilgari surilgan.
Partiya saylovoldi dasturida tashqi yozuvlarni tartibga solishga qaratilgan “Tashqi yozuvlar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish, “Davlat tili haqida”gi qonunni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, davlat tilida ish yuritmagan rahbarlarga keskin choralar ko‘rish kabi tashabbuslar ilgari surilyapti.
So‘zga chiqqanlar shular haqida gapirib, buxoroliklarni 27 oktyabrda o‘tadigan saylovlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va uning nomzodlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdilar.
Tadbir taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi. Bir so‘z bilan aytganda, bunday ommaviy tadbirlar partiya xayrixohlarini bir maqsad atrofida birlashtirib, Yangi O‘zbekistonni “Milliy tiklanish”dan ko‘rsatilgan nomzodlar bilan birga qurish ishtiyoqini yanada oshiradi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr