“Biz asta-sekin yutqazyapmiz”. Fedorov Kiyevni tanqid qildi
Olam
−
16:12 2265 2 daqiqa
Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorov mamlakatning Rossiyaga qarshi urush olib borish yondashuvini tanqid qildi. Uning aytishicha, Ukraina hukumatida urushda qanday g‘alaba qozonish bo‘yicha yagona qarash mavjud emas. Bu haqda Fedorov “Reuters” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Fedorovning fikricha, chuqur ildiz otgan korrupsiya va homiylik tarmoqlari, shuningdek, davlat muassasalarida siyosiy mustaqillikning yo‘qligi ham mamlakatni orqaga tortmoqda.
“Menimcha, hozir bizning urushdagi keyingi yo‘nalishimizni belgilaydigan burilish nuqtasi yuzaga kelmoqda. Ammo biz asta-sekin yutqazyapmiz”, degan Fedorov.
Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri mamlakatni innovatsiyalarni sekin joriy etayotgani va korrupsiya mavjudligi uchun ham tanqid qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina urushdagi vaziyatni o‘zgartirish uchun sun’iy intellekt boshqaruvidagi dronlar, arzon raketa tutqichlari va ballistik raketalarni ishlab chiqishga e’tibor qaratishi kerak.
Fedorovning aytishicha, ukrainalik ishlab chiqaruvchilar allaqachon ushbu texnologiyalar ustida ishlamoqda. Biroq ularning imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish uchun mamlakatga yagona strategiya kerak.
“Rossiyaliklarni to‘liq to‘xtata oladigan texnologiyalar allaqachon mavjud. Ammo bizda aniq qarash yo‘qligi sababli ulardan foydalanmayapmiz”, degan u.
Fedorov, shuningdek, Ukraina davlatining samaradorligi pastligini ta’kidlagan. Uning fikricha, davlat tizimi bor-yo‘g‘i “5 foiz quvvat bilan” ishlamoqda.
Zelenskiy idorasi Fedorovning bayonotlariga munosabat bildirib, u yaqindagina mudofaa vaziri lavozimida ishlab turgan paytida urushning Ukraina uchun borishini ijobiy baholaganini aytgan.
Ma’lumot uchun, Mixail Fedorov Vladimir Zelenskiy jamoasining sobiq a’zosi. U Zelenskiy hukumatida raqamli transformatsiya vaziri va mudofaa vaziri lavozimlarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, Fedorov Mudofaa vaziri lavozimidan 2026 yil iyul oyida, atigi yarim yil ishlaganidan so‘ng bo‘shatilgandi.
Ukraina Prezidenti Fedorovga hukumatdagi boshqa lavozimlarni taklif qilgan. Ammo u faqat mudofaa vaziri lavozimiga qaytishga rozi bo‘lishini bildirgan.
Fedorovning ishdan olinishi atrofidagi mojaro davomida uning siyosiy ta’siri ham kuchaygan. U Ukrainada bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan prezidentlik saylovlari bo‘yicha yopiq so‘rovlardan birida uchinchi o‘rinni egallagan. Shundan ko‘p o‘tmay, Fedorov urush tugashini kutmasdan Ukrainada saylovlar o‘tkazishga chaqirgan. Zelenskiy idorasi esa bu taklif “realizmning to‘liq yo‘qligini” ko‘rsatishini bildirgan.
Live
Barchasi