Biz hech kimni majburlamaymiz – KXSHT bosh kotibi O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilishi haqida
Olam
−
16 Sentabr 2021
10458O‘zbekiston Respublikasi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga qo‘shilmoqchi emas. Bu haqda KXSHT bosh kotibi Stanislav Zas ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir davlat qayerda va qaysi tashkilotda bo‘lishini tanlash huquqiga ega va tashkilot ularning qarorlariga hech qachon ta’sir ko‘rsatmaydi.
“O‘zbekiston hozircha KXSHTga a’zo bo‘lishni rejalashtirmayapti va biz hech kimni o‘z safimizda bo‘lishga majburlamaymiz”, degan bosh kotib.
Joriy yilning 23 avgust kuni o‘tkazilgan KXSHTning navbatdan tashqari sessiyadan keyin KXSHT bosh kotibi Stanislav Zas O‘zbekiston tashkilotga qaytadimi, degan savolga javob berdi.
"O‘zbekiston Prezidentining barchamiz uchun juda muhim mavzudagi sessiyada ishtirok etganini mamnuniyat bilan qarshi olamiz. Biz O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyormiz. Bunday hamkorlik amalga oshirilyapti. O‘zbekiston harbiy xizmatchilari birgalikdagi mashg‘ulotda qatnashyapti. Ammo mamlakatning tashkilotimizga qaytishiga kelsak, bu avvalo o‘zbek xalqi va mamlakat rahbariyatining xohishiga bog‘liq", degan Vasilevich o‘shanda.
KXSHT qanday tashkilot?
KXSHTning vazifasi qo‘shin va yordamchi bo‘linmalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan shartnomada ishtirok etadigan mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilishdan iborat. Biroq, KXSHT yagona harbiy-siyosiy birlashma sifatida hech qachon harbiy harakatlarda qatnashmagan. Bugungi kunda ushbu tashkilotga 6 davlat: Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo.
O‘zbekiston ushbu tashkilotning a’zosi bo‘lgan
Qayd etish kerakki, KXSHT asosi 1992 yili Toshkentda qo‘yilgan. O‘shanda ushbu shartnomani O‘zbekiston ham imzolagan. Biroq, rasmiy Toshkent 1999 yilda ushbu kelishuvga a’zolikni davom ettirishdan bosh tortgan. Oradan bin qancha muddat o‘tib, 2006 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi tiklangan. Keyin 2012 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi yana to‘xtatilgan.
LiveBarchasi