Bishkekdagi uylar qanday qurilganini faqat Xudo biladi – Japarov zilziladan xavotirda

Olam

image

Oxirgi 10 yilda Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda qurilgan uylarning sifati qandayligi, ularning qay darajada zilzilabardoshligini faqat Xudo biladi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Turkiyadagi zilzila va uning talafotlarini sharhlar ekan, aytib o‘tdi. 

“Barcha qurilish ishlari sifati to‘liq davlat nazoratida bo‘ladi, biz tartibsiz qurilishga yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi Prezident. 

U so‘nggi 10 yilda qurilgan ko‘p qavatli uylarning sifatini tanqid qildi. 

“Agar biz uylarning sifati haqida gapiradigan bo‘lsak, unda biz faqat Xudoga umid qilishimiz mumkin. So‘nggi 10 yil ichida uylar qanday qurilganini faqat u biladi. Agar ular qulab tushsa, bu uylarda yashovchilarning hayoti qurilish kompaniyalari, Davlat qurilish qo‘mitasi arxitektorlari vijdoniga havola”, deydi Sadir Japarov. 

Unga ko‘ra, qurilish sohasi ustidan nazorat 2020 yildan boshlab kuchaytirilgan. 

“Biz Davlat qurilishida islohot o‘tkazdik. Endi "yagona darcha" paydo bo‘ladi. Bishkek meriyasi arxitekturani nazorat qiladi, ularga qurilishda tartibni tiklash topshirildi. Poytaxtda 74 ta ko‘p qavatli uy noqonuniy qurilgan, yer uchastkalari o‘zgartirilmagan. Besh yilga ijaraga olib, uy qurishdi. Odamlar hozir yashamoqda. Qizil chiziqdan tashqarida qurilgan uylar bor. Hamma qonuniylashtirishni talab qilmoqda. “Mayli, qonuniylashtiraylik, faqat sifat sizning vijdoningizga havola”, deymiz. Ular uni buzmoqchi edilar, lekin u yerda odamlar yashaydi. Odamlarning aybi nima? Ular sotib olgan, axir.  Sobiq hokim va “Gosstroy” xodimlari korrupsiyalashgan. Biz hozir ularning kirlarini yuvyapmiz. Balki uylar qizil chiziqdan o‘tmagan bo‘lsa, qurilishini yakunlashga ruxsat berarmiz”, deydi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida (mahalliy vaqt bilan 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) magnitudasi yetti balldan ortiq bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Vayronkor zilzila qo‘shni davlatlar, jumladan, Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Kipr Respublikasi va Iroqda ham sezildi. Oqibatda Turkiyada hozirgacha 35 mingdan ortiq kishi qurbon bo‘ldi, 105 mingdan ko‘p odam jarohatlangan. 


Maqola muallifi

Teglar

Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing