Bishkek sudi Ramzan Qodirovga dushmanini “sovg‘a qilmoqchi”

Olam

image

Avvalroq, Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning tanqidchisi Mansur Movlayev Qirg‘iziston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgani uchun hibsga olingani haqida xabar bergan edik. Bishkek shahar sudining yakuniy qaroriga ko‘ra, Movlayev mamlakatdan deportatsiya qilinadigan bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘iziston Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi

Qayd etilishicha, poytaxt sudi Mansur Movlayevning Qirg‘izistondan deportatsiya qilinishini Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va Respublika migratsiya xizmatiga yuklagan. 

“Bishkek shahar sudi M. M. M.ga (Mansur Movlayev – tahr.) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. U mamlakatdan deportatsiya qilinishi munosabati bilan amaldagi jazodan ozod etildi”, deyiladi sud bayonotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, sud majlisida Bishkek shahrining 1-May tumani prokurori katta yordamchisining apellyatsiya taqdimoti va sudlanuvchining advokati tomonidan kiritilgan shikoyati qanoatlantirilmagan.

Aytish joiz, Mansur Movlayev joriy yilning 20 avgust kuni Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining “Chegarani noqonuniy kesib o‘tish” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan edi. Unga olti oyga umumiy rejimdagi axloq tuzatish koloniyasida jazo o‘tash tayinlangan. 

Hukm o‘sha kundan qonuniy kuchga kirgan va jazo o‘talganidan keyin sud uni mamlakatdan chiqarib yuborishi kerak edi. Biroq Movlayev Qirg‘izistonda jazolanishini so‘ragan, chunki u deportatsiyadan so‘ng, Checheniston xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olinishi va qiynoqqa solinishidan qo‘rqqan.

“Men jazoni o‘tashga tayyorman. Ushbu noqonuniy harakatim uchun jarima to‘lashim ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, hayotimni saqlab qolish uchun ikki yil qamoq jazosi berishlarini so‘rayman. Tirik qolish uchun bu yerda o‘n yil qamoqda o‘tirishga tayyorman”, degan Movlayev birinchi sud majlisida.

Ma’lumot o‘rnida, Mansur Movlayev bir necha bor Chechenistonda inson huquqlari buzilishi va siyosiy repressiyalarga qarshi chiqqan. U respublika rahbari Ramzan Qodirovni tanqid qilgan. U 2020 yilda uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2022 yilda Movlayev shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan, biroq u Chechenistonning Shalinskiy tumani ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan hibsga olingan. Movlayev Rossiyadan qochishga muvaffaq bo‘lgan va federal qidiruvga berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Ramzan Qodirov deportatsiya tanqidchi Bishkek sudi Mansur Movlaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing