Bishkek sudi Atamboyevni hibsda qoldirdi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Bishkek shahrining Pervomayskiy tuman sudi joriy yilning 2 aprel kuni Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning qamoqqa olish tartibini ikki oyga uzaytirdi.  

Bundan ko‘rinib turibdiki, Atamboyev 7 iyunga qadar hibsda qoladi. 

O‘tgan yil iyun oyida Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Atamboyev “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha korrupsiyada aybdor deb topildi va unga nisbatan 11 yil-u ikki oylik qamoq jazosi tayinlandi.  

Qirg‘iziston Jazoni ijro etish davlat xizmati raisi Kalibek Kachkinaliyev xuddi shu ish bo‘yicha ikki yillik qamoq jazosini oldi. 

Sud, shuningdek, Atamboyevning mol-mulkini musodara qilish va uni davlat unvonlari va mukofotlaridan mahrum etish to‘g‘risida qaror chiqardi. 

2020 yil noyabr oyining oxirida Qirg‘iziston Oliy sudi Atamboyevga berilgan hukmni bekor qildi va uning ishini ko‘rib chiqish uchun Bishkek shahrining Pervomayskiy tuman sudiga yubordi. 

4 yanvar kuni Atamboyev sog‘lig‘i yomonlashgani sababli tergov izolyatoridan shifoxona tipidagi koloniyaga ko‘chirildi. 

Shuningdek, sobiq prezident 2019 yil avgust oyida Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi tartibsizliklar ishi bo‘yicha ham asosiy ayblanuvchidir. 

2019 yil 7 avgust kuni huquqni muhofaza qilish idoralari Atamboyevning Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohiga bostirib kirishga ikki marta urindi. Ertasi kuni ham to‘qnashuvlar davom etdi va 3000 ga yaqin politsiyachilar ishtirokidagi maxsus operatsiya paytida Atamboyev taslim bo‘ldi. Tartibsizliklar paytida 225 kishi jarohat oldi, bir kishi halok bo‘ldi. 

2020 yil 5 oktyabrda Qirg‘izistonda parlament saylovlarining dastlabki natijalari e’lon qilingandan keyin norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar parlament binosiga bostirib kirishdi. Atamboyevning tarafdorlari uni koloniyadan ozod qilishdi, ammo keyin u yana hibsga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

sud Bishkek Atamboev

Baholaganlar

101

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing