Birjada benzin va paxta yog‘ining narxi ko‘tarildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 26 aprel – 2 may kunlari "O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJ ning barcha savdo platformalarida 1 817,4 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 10,7 foizga ko‘pdir. Birjada benzin va paxta yog‘ining narxi ko‘tarildi.

O‘tgan haftada birja savdolariga 8047 tonna paxta yog‘i qo‘yilgan bo‘lsa, shundan 6902 tonna, ya’ni 85,8 foiz hajmdagi paxta yog‘i sotilgan. Elektron savdolarda ishtirok etgan xaridorlarning o‘rtacha kunlik soni 130 kishini tashkil qilgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15 004,1 ming so‘mdan 17 228,7 ming so‘mgacha, ya’ni 14,8 foizga ko‘tarilgan. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 16 310,3 ming so‘mni tashkil etgan.

O‘tgan haftada sotuvchi korxonalar avtomobil benzinining birjadagi boshlang‘ich narxlarini oshirdi. Birja savdolariga 38 599 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 12 292 tonnasi, ya’ni 31,8 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 34 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sotuvchi korxonalar AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha boshlang‘ich narxlarini mahsulotning bir tonnasi uchun 6 361,8 ming so‘mdan 6 474,3 ming so‘mgacha yoki 1,8 foizga ko‘tardi. Shu munosabat bilan AI-80 markali avtomobil benzinning o‘rtacha kunlik narxi ham mos tarzda 6 362,1 ming so‘mdan 6 475,6 ming so‘mgacha, ya’ni 1,8 foizga, ya’ni sotuvchilarning boshlang‘ich narxlarini ko‘tarishi hisobiga o‘sdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 6 468,1 ming so‘mni, AI-91 – 7 723,8 ming so‘mni tashkil etdi.

Ma’lumot uchun turli manbalarda keltirishicha, avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘simlik yog‘ini QQSdan vaqtincha ozod qilish haqida qonun qabul qilib, Senatga yuborgan edi.

Shundan so‘ng, Senat o‘simlik yog‘ini QQSdan ozod qilish haqidagi qonunni ma’qulladi. 30 aprel kuni O‘zbekistonga o‘simlik yog‘ini olib kirish QQSdan ozod qilindi.

Ushbu sohadagi mutaxassis esa yog‘-moy QQSdan ozod qilingani bilan narxlar tushmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

146

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing