Birjada AI-80 benzini sotuvi to‘xtatildi
Jamiyat
−
02 Sentabr 7527 2 daqiqa
“O‘zbekneftgaz” AJ bugun, 2 sentyabrdan boshlab AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan bosqichma-bosqich yuqori oktanli (AI-92) avtobenzin ishlab chiqarishga o‘tish va sentyabr oyidan boshlab birja savdolariga faqat yuqori oktanli avtobenzin joylashtirilishi rejalashtirilgan. Shu bois, “O‘zbekneftgaz” AJ bugun, 2 sentyabrdan boshlab AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatgan.
O‘z navbatida AI-92 rusumidagi avtobenzinni birja savdolariga chiqarish hajmi oshirilgan. Shu vaqtga qadar 1000 tonna AI-92 benzini savdolarga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 1720 tonnani tashkil etmoqda. Ichki bozor talabidan kelib chiqib, bu hajmlarni oshirish imkoniyati mavjud.
“Avgust oyida tadbirkor iste’molchilar tomonidan xarid qilingan AI-80 rusumidagi avtobenzin hajmlari majburiyat va mavjud qoldiqlar doirasida sentyabr oyida ham o‘z egalariga yetkazib berilishi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasining “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy yil yakuniga qadar aholini sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda AI-80 markali avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotish cheklanishi xabar qilingan edi.