Birinchi sen boshlading, yo‘q sen – Qirg‘iziston va Tojikiston o‘zaro nota almashdi
Olam
−
09 may 2020
16190Tojikistonning Qirg‘izistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nazirmad Alizoda Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismida sodir bo‘lgan chegara hodisasi munosabati bilan bugun Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda Respublika Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, tojik diplomatiga Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan norozilik notasi topshirilgan. Ayni hodisa 9 may bayrami arafasida va Ramazon oyida sodir bo‘lgani qirg‘iz tomonidan qattiq tanqid qilingan.
“Tojikiston harbiylari va fuqarolarining qirg‘iz-tojik davlat chegarasidagi vaziyatni izdan chiqarishga olib keladigan yaqqol buzg‘unchi va provokatsion harakatlari yuzasidan xavotir bildirildi.
Tojik tomonining ushbu noqonuniy xatti-harakatlari G‘alaba kuni arafasida va muqaddas Ramazon oyi davomida sodir etilgan. Bu ko‘z yumib bo‘lmas haqiqatdir.
Qirg‘iz tomoni chegara hududlaridagi vaziyatning yomonlashuvi uchun barcha javobgarlikni Tojikiston tomon zimmasiga yuklaydi va vaziyatni yanada yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun shoshilinch choralar ko‘rilishini talab qiladi“, deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, Tojikiston tashqi ishlar vazirligi ham Qirg‘izistonning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi J.S.Rustenbekovni vazirlikka chaqirdi. Unga “qurolli voqeaga olib kelgan Qirg‘iziston fuqarolari va harbiy xizmatchilarining provokatsion harakatlari tufayli“ norozilik notasini topshirildi.
“Elchiga voqea sababi Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan tojik chegarachilari o‘qqa tutilganligi, shuningdek, Tojikiston chegara qo‘shinlarining qasos choralarini ko‘rishga majbur qilgani sababli ushbu xatti-harakatlari sodir bo‘lganligi haqida xabar berildi.
Qo‘shni mamlakat fuqarolari va harbiy xizmatchilarining noqonuniy xatti-harakatlari natijasida hozirda kasalxonaga yotqizilgan ikki tojikistonlik jiddiy jarohat olgani qayd etildi. Suhbat chog‘ida chegaraoldi hududlardagi vaziyatni keskinlashtirish uchun butun javobgarlik qirg‘iz tomoniga yuklatildi“, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 8 may kuni kechqurun Batken viloyatining Chek mintaqasida Chek uchastkasining 50 gektar maydonidan foydalanish masalasida Qirg‘iziston va Tojikistonning chegaradosh mintaqalari aholisi o‘rtasida mojaro kelib chiqqan. Mojaro davomida Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari bir-birlariga tosh otganlar.
Shundan so‘ng, “jang“ga tojik askarlari qo‘shilgan va kutilmaganda qirg‘iz chegarachilari va fuqarolar tomon qarata o‘t ochishgan. Otishma paytida Qirg‘iziston Davlat chegara xizmatining uch xodimi va bir fuqarosi turli darajada jarohat olgan. Ular Batken viloyat qo‘shma shifoxonasiga yotqizilgan. Biri ambulatoriya davolanishiga yuborilgan. Ikkinchisining ahvoli o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. Qolgan ikkitasining ahvoli o‘rtacha ekanligi ma’lum qilingan.
LiveBarchasi