Birinchi qadamlarni futbolni raqamlashtirishdan boshlaymiz – Bahodir Qurbonov
Sport
−
22 fevral
4535Biroz oldin bo‘lib o‘tgan O‘FA binosida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari kongressda tashkilot prezidenti etib saylangan Bahodir Qurbonov o‘zining asosiy maqsad va vazifalari haqida gapirdi.
“Delegatlarga mening nomzodimni O‘FA prezidentligiga loyiq ko‘rgani uchun minnatdorlik bildiraman. Barchaga ma’lumki, futbol O‘zbekistonda ommaviy va eng sevimli sport turi hisoblanadi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan yurtimizda futbolni rivojlantirish, yangi darajaga olib chiqishga qaratilgan ko‘plab muhim hujjatlar imzolandi. Bu esa o‘z navbatida so‘nggi yillarda futbolimizda katta o‘sishga turtki bo‘ldi. FIFA va OFK bilan hamkorlikda futbolimiz infratuzilmasini yaxshilash, futbol bilan shug‘ullanish uchun qulayliklar yaratish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘smirlar va yoshlar terma jamoalarimiz xalqaro maydonda yorqin g‘alabalar qayd etishmoqda. O‘tgan yili futbolimiz tarixida birinchi marotaba U-23 terma jamoamiz yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etdi, U-20 terma jamoamiz Osiyoda tengsiz deb topildi. O‘smirlar terma jamoamiz Jahon chempionatida kuchli sakkizlikdan joy oldi. Bugungi kunda O‘zbekiston eng nufuzli futbol turnirlari mezboni sifatida e’tirof etilmoqda. FIFA Prezidenti Janni Infantino 2024 yil O‘zbekiston mezbonlik qilgan Jahon chempionatini tarixdagi eng zo‘ri sifatida baholadi. O‘z navbatida, mening yangi lavozimdagi vazifam mana shu rivojlanishni davom ettirgan holda yanada katta natijalarga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishdan iborat”, deydi Qurbonov.
Shuningdek, Bahodir Qurbonov tashkilot prezidenti sifatida vazifani ado etishda har bir mutaxassisning bilimi va yordami zarur ekanini ta’kidladi.
“Umid qilamanki, futbol sohasida faoliyat yuritayotgan har bir inson davlatimiz rahbarining berayotgan ishonchini oqlash, muxlislar kutayotgan natijalarni qayd etish uchun o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashadi. Hurmatli kongress ishtirokchilari, men prezident sifatida bugundan aytamanki, har birlaringizning bilim, ilmlaringizga, yordamlaringizga muhtojman. O‘ylaymanki, biz birgalikda bu mas’uliyatli vazifani amalga oshiramiz. Oldimizda katta maqsadlar turibdi. Milliy terma jamoamiz yaqin vaqt ichida Jahon chempionati saralash bosqichining hal qiluvchi bahslarida ishtirok etadi. Mundialda qatnashish xalqimizning azaliy orzusi hisoblanadi. Muxlislarning ishonchini qozonish, stadionlarni ishqibozlar bilan to‘ldirish, futbolda halollik, shaffoflikni ta’minlash borasida katta vazifalar turibdi. O‘ylaymanki, futbol mutaxassislari, OAV birgalikda va hamjihatlikda ishlab, maqsadimizga yetamiz. Birinchi qadamlarimizni futbolni raqamlashtirishdan boshlaymiz. Raqamlashtirish shaffoflik, yosh futbolchilarni tarbiyalash, ilmiy nuqtai nazardan kuzatish imkonini beradi. Yana bir bor kongress ishtirokchilariga rahmat aytaman va ishonchlaringni oqlash uchun barcha imkoniyatimni ishga solaman”, deydi Bahodir Qurbonov.