Bir yilda IIV xodimlari sodir etgan jinoyatlarning 27 tasi o‘lim bilan tugagan – Bobojonov
Jamiyat
−
12 mart 2021
111862020 yilda ichki ishlar xodimlari tomonidan 134 ta jinoyat sodir etilgan, shundan 27 tasida o‘lim holati qayd etilgan. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Senatning 13-yalpi majlisidagi hisoboti davomida aytib o‘tdi.
“Afsuski, ichki ishlar organlari xodimlari orasida o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan qarayotgan, hattoki jinoyatga qo‘l urganlari ham yo‘q emas. Shu bois ularni o‘qitish kasbga tayyorlash bo‘yicha yaxshi mexanzmlar bo‘yicha ishlayapmiz.
Ilgari tizimga ko‘chadan, yetarli malaka va tayyorgarlikka ega bo‘lmagan xodimlar ham ishga olinar edi. Hozirgi kunda esa bu amaliyotga chek qo‘yilgan. Ularning o‘rniga hududlardagi 14ta litseylarimiz hamda Temurbeklar maktabini tugatayotgan yigit-qizlarni ishga qabul qilyapmiz. Chunki ular uch yil forma kiygan, yetarli bilim va tajribalarga ega xodim bo‘lib yetishib chiqmoqdalar”, deydi Bobojonov.
Vazir 2020 yilda ichki ishlar xodimlari tomonidan 134 ta jinoyat sodir etilgan, uning 27 tasi o‘lim bilan yakunlanganini ta’kidladi. Qolgan 107 ta holatda mansab vakolatidan chetga chiqish, dalillarni soxtalashtirish, poraxo‘rlik, firibgarlik kabi holatlar aniqlangan.
Bobojonovga ko‘ra, jinoyatga qo‘l urgan xodimlarga ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar berilyapti.
LiveBarchasi