Bir oy ichida 160,6 mlrd so‘mlik gaz va “svet” o‘g‘irlandi

Jamiyat

image

Joriy yilning noyabr oyida 1 ming 614 ta iste’molchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zenergoinspeksiya“ axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev ma’lum qildi.

Bildirilishicha, joriy yilning noyabr oyi “Energetika xavfsizligi oyligi” deb e’lon qilingan. Shunga muvofiq, “O‘zenergoinspeksiya” huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda elektr va gaz ta’minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazgan nazorat tadbirlari davomida 1 ming 614 ta holatda 160,6 milliard so‘m zarar aniqlangan.

“Jumladan, 24,1 million metr kub tabiiy gaz (70,1 mlrd so‘m) va 38,6 million kilovatt soat elektr energiyasidan (90,4 mlrd so‘m) noqonuniy foydalanish natijasida davlat manfaatlariga jami 160,6 milliard so‘m zarar yetkazilgan”, deydi Norboboyev.

Ma’lum qilinishicha, iste’molchilarning energiya resurslaridan qoidalarni buzgan holda foydalanishi bo‘yicha 876 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan. Ulardan 547 tasi elektr energiyasi, 329 tasi esa tabiiy gazdan foydalanishga bog‘liq. Shuningdek, 4 ming 583 ta iste’molchining energiya resurslaridan samarali foydalanishini ta’minlash uchun profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan. Nazorat ishlarida kunning yorug‘ vaqtida yoritish chiroqlaridan noo‘rin foydalanishga oid 5 960 ta holat aniqlanib, 1 024 ta holatda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, 6 ta korxonaga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Jomboy hamda Oqdaryo tumanlarida energiya resurslaridan noqonuniy ishlatish holatlari fosh etilgandi. Ular jami 614 mln so‘mlik gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.


Maqola muallifi

Teglar

gaz svet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing