Bir oy davomida o‘qituvchi va “bog‘cha opa”lar bepul davolanadi – SSV

Jamiyat

image

O‘zbekistonda maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilari bir oy davomida bepul sog‘lomlashtiriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Keltirilishicha, mazkur tashabbus Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, joriy yil 1 iyuldan 1 avgustgacha O‘zbekistonda “O‘qituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi” aksiyasi o‘tkaziladi.

Bu davrda respublikadagi ta’lim sohasi xodimlari – maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilari profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar hamda skriningdan o‘tkaziladi. Tibbiy tekshiruv natijalariga muvofiq, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davlat ko‘magida ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko‘riladi.

Buning uchun dastlab ta’lim sohasi xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent ro‘yxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.

Shundan so‘ng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkaziladi.

Tibbiy ko‘riklar yakunida:

  • hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sog‘lomlashtiriladi;
  • o‘tkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi bo‘g‘indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
  • yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etiladi.

O‘z navbatida olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan ko‘riklar o‘tkaziladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda 10 118 ta umumta’lim maktabida 6,3 million nafardan ziyod o‘quvchiga qariyb 510 ming nafar o‘qituvchi ta’lim beradi. Shuningdek, 29 420 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, ularda 2,1 million nafar bola tarbiyalanadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'qituvchi bog'cha opa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing