Bir kunda besh o‘lim. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari 111 nafarga yetdi
Jamiyat
−
25 iyul 2020
13868O‘zbekistonda koronavirusdan ikki o‘lim holati qayd etildi. Shu tariqa rasman e’lon qilingan o‘lim holatlari 111 taga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 64 yoshli M.S. (ayol) 13–18 iyul kunlari Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi kardiologiya bo‘limida davolangan. 18 iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va bemor Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, zo‘riqish stenokardiyasi, terminal o‘pka va bosh miya shishi asoratlari bilan kechgan.
Shuningdek, bemor bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishidan (insult) so‘nggi holat, yurak ishemik kasalligi, miokard infarktidan so‘nggi kardioskleroz, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.
Ammo bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, saturatsiya ko‘rsatkichi pasayib borishi, nafas olishining qiyinlashuvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishi hamda bosh miya shishidan vafot etgan.
Yana bir bemor Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan 34 yoshli B.M. (ayol)da 5 iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va 6 iyul kuniga qadar u poytaxtdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolangan.
6 iyul kuni bemor shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, kasallik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.
Bemorda 24 haftalik uchinchi homiladorlik bo‘lgan va asoratlangan akusherlik anamnezi, kamqonlik kabi hamroh kasalliklar bilan og‘rigan.
Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarlarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Bugun SSV mamlakatda koronavirusdan 5 kishi o‘lganini tasdiqladi.
LiveBarchasi