Bill Geyts Ilon Maskning sun’iy intellekt haqidagi taklifiga qarshi chiqdi
Texnologiya
−
09 may 2023
9814Microsoft asoschilaridan biri Bill Geyts Ilon Maskning sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqotlarni vaqtincha to‘xtatib turish haqidagi fikrlariga qarshi chiqib, ushbu texnologiya yomon niyatli odamlar tomonidan ishlatilishidan qo‘rqib, uni to‘xtatib qo‘yish xato ekanini aytdi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Geyts sun’iy intelektni “o‘yinni o‘zgartirib yuboradigan” va “juda fundamental” texnologiya ekanini ta’kidlab, uning kelajakka ta’siri qanchalik katta ekaniga e’tibor qaratgan.
Bill Geytsning o‘zi 2022 yilning noyabr Microsoft tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi, sun’iy intellektga asoslangan ChatGPT chatbotiga asos solgan va bu ushbu sohada dastlabkisi bo‘lgandi. Tez orada ChatGPT tarixdagi eng tez rivojlanuvchi ilovaga aylandi va ikki oy ichida 100 million obunachini qamrab oldi.
“Biz hammamiz uning yomon odam qo‘liga tushishidan qo‘rqamiz”, deydi u ABC telekanaliga bergan intervyusida. U, shunga qaramay, texnologiyani rivojlantirish kerakligini ta’kidlagan.
O‘tgan oy Twitter bosh direktori Ilon Mask va boshqalar Geytsga tegishli chatbotning GPT-4 versiyasidan keyingi kuchliroq tizimlarni ishlab chiqishni olti oyga to‘xtatib turishga chaqirib, ochiq xat yo‘llagandi.
Maktubni imzolaganlar orasida Stability sun’iy intellekti bosh direktori Emad Mostake, Alphabet kompaniyasiga tegishli Deepmind sun’iy intellekti tadqiqotchilari hamda boshqa sun’iy intellekt mutaxssislari Yoshua Bengio va Styuart Rassellar bor edi.
Bill Geyts bu g‘oyaga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
“Agarda siz faqat yaxshi odamlarni to‘xtatib qo‘yib, boshqalarga monelik qilmasangiz, ehtimol o‘zingizga zarar yetkazasiz”, deydi u.
Geytsning aytishicha, sun’iy intellekt turli sohalarda sezilarli o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Masalan, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida uni qo‘llash katta foyda berishi mumkin.
Biroq, “sun’iy intellektning cho‘qintirgan otasi” sifatida tanilgan Jeffri Xinton undan keladigan xavf-xatarlar haqida ma’lumot bergan. Xinton sun’iy intellekt insoniyat uchun iqlim o‘zgarishidan ko‘ra jiddiyroq xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Men iqlim o‘zgarishini qadrsizlantirmoqchi emasman. Iqlim o‘zgarishi haqida qayg‘urmang, deyish niyatim yo‘q. U ham katta xavf. Lekin, menimcha, bunisi shoshilinchroq bo‘lishi mumkin. Iqlim o‘zgarishiga qarshi nima qilish kerakligini tavsiya etish juda oson: siz shunchaki uglerod yoqishni to‘xtatasiz. Agar shunday qilsangiz, oxir-oqibat hammasi yaxshi bo‘ladi. Buning uchun nima qilish kerakligi esa aniq emas”, deydi u.
Xintonga ko‘ra, sun’iy intellekt allaqachon fikrlash borasida insonni ortda qoldirib bo‘lgan bo‘lishi mumkin. U bunday texnologiya Putin kabi “yomon aktyorlar” tomonidan yovuz maqsadlarda qo‘llanishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
LiveBarchasi