X’da ro‘yxatdan o‘tish pullik bo‘ladi – OAV
Texnologiya
−
10 yanvar
2804Milliarder Ilon Maskka tegishli X ijtimoiy tarmog‘ida foydalanuvchilar uchun ro‘yxatdan o‘tish pullik bo‘ladi. Bu haqda kompaniyaga yaqin manbalarga tayanib, “Fortune” xabar berdi.
Hozircha X’da ro‘yxatdan o‘tish bepul, ammo yaqin oylarda bu o‘zgarishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq har bir yangi foydalanuvchidan akkaunt yaratish uchun 8 dollar to‘lov talab qiladi. Bu yangilik butun dunyoda 2025 yil fevral oyidan kuchga kirishi kutilmoqda.
To‘lov qilmagan foydalanuvchilar post yozish yoki boshqa postlarga izoh qoldirish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Ularga faqat o‘qish rejimi taqdim etiladi. Biroq pullik ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga bonus sifatida X Premium obunasi bir oyga bepul taqdim etiladi. Bu xizmat reklamalarning yo‘qligi, Grok neyrotarmog‘ining kengaytirilgan imkoniyatlari va tasdiqlangan shaxs belgisini (“galochka”) olishni o‘z ichiga oladi.
Mazkur qadam, asosan, soxta akkauntlar va botlarga qarshi kurash maqsadida amalga oshirilayotgani aytilmoqda. Ushbu tizim 2023 yildan buyon Yangi Zelandiya va Filippinda sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu davlatlarda foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tishda yiliga 1 dollar to‘lashlari kerak. Aks holda tarmoq faqat o‘qish rejimida foydalanish uchun ochiq bo‘ladi.
Bundan tashqari, Ilon Mask tasmadagi postlarning nashr sanasi va vaqtini yashirishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, bu interfeysni yanada yaxshilaydi va vizual ravshanlikni oshiradi.
Hozircha X vakillari ro‘yxatdan o‘tishni pullik qilish yoki postlarning sanasini yashirish rejalariga rasmiy izoh bermagan.
LiveBarchasi