Bill Geyts farzandlarini merosining katta qismidan mahrum qildi

Olam

image

Amerikalik milliarder, Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts farzandlariga qanday meros qoldirishni rejalashtirayotganini ochiqladi. Bu haqda “Page Six” nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, yaqinda Geyts mashhur hind blogeri Raju Shamaniga intervyu bergan. Suhbat davomida turli urf-odatlar haqida ham so‘z yuritilgan. Shamani Hindistonda ota-onalar bolalari uchun iloji boricha ko‘proq pul yig‘ishga intilishini va kamdan-kam hollarda xayriya ishlariga mablag‘ sarflashini aytgan. Bunga javoban Geyts farzandlariga boyligining asosiy qismini meros qilib qoldirmasligini ma’lum qilgan.

“Bolalarim yaxshi tarbiya va ta’lim olishdi, biroq ular mening boyligimdan bir foizdan ham kamini oladi. Men bu (katta meros) ularga foyda keltirmaydi, deb hisoblayman. Biz sulola emasmiz. Men ulardan Microsoftni boshqarishini so‘raganim yo‘q”, deydi milliarder.

69 yoshli Geyts va uning sobiq rafiqasi Melindaning uch farzandi bor: 28 yoshli Jennifer, 25 yoshli Rori va 22 yoshli Fibi. “Page Six”ning yozishicha, Geytsning boyligi hozirda 105 milliard dollar deb baholanmoqda. Shunday ekan, undan bir foiz ham bir milliard dollardan ko‘proqni tashkil qiladi. 

“Men ularga o‘z yo‘llarini topish, o‘z mehnatlari evaziga muvaffaqiyat va daromadga erishish imkonini berishni istayman. Ular mening aql bovar qilmas omad va boyligim soyasida qolib ketishini xohlamayman”, deya qo‘shimcha qilgan Geyts.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Forbes” nashri milliarderlarning yangilangan reytingini e’lon qilgan edi. Ushbu reytingda Geytsning vatandoshi Ilon Mask 1-pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, uning o‘zi 100 milliard dollardan ortiqroq boylik bilan 13-o‘rinda qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Bill Geyts meros

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing