Qo‘rg‘ontepada qadimiy So‘g‘d san’atiga oid noyob topilma aniqlandi
Jamiyat
−
20:16 687 2 daqiqa
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishmalar vaqtida ilk asrlarga oid gips haykalning bosh qismi topildi. Bu haqda bugun, 12 sentyabr kuni Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, topilma Samarqand arxeologiya instituti xodimlari Alisher Sandiboyev, Amriddin Berdimurodov, Navro‘z Olimov va San’at Xo‘jamovlar ishtirokida olib borilgan tadqiqotlar davomida aniqlangan.
(2).png)
Haykalning bosh qismi ilk asrlarga oid ibodatxona qoldiqlari orasidan topilgan. Mutaxassislarning aytishicha, mazkur topilma Qo‘rg‘ontepa ibodatxonasining diniy-badiiy bezagi hamda o‘sha davr san’atini o‘rganishda muhim ilmiy ahamiyatga ega. Haykalning yuz tuzilishi, soch turmagi va boshqa ikonografik xususiyatlari qadimgi So‘g‘d san’atining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Qayd etilishicha, qazishmalar davomida aniqlangan xonalar qoldiqlari va boshqa arxeologik topilmalar ibodatxonaning ichki tuzilishi va vazifasi, shuningdek, bu yerda o‘tkazilgan diniy marosimlar haqida yangi ma’lumotlar olish imkonini bermoqda.
Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimovning so‘zlariga ko‘ra, bunday topilmalar O‘zbekistonning arxeologik salohiyati naqadar boy ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
.png)
Uning qayd etishicha, 2027 yildan boshlab har yili arxeologik tadqiqotlar, avvalo, yosh arxeologlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 25 milliard so‘m miqdorida grantlar ajratiladi. Bu mablag‘lar iqtidorli mutaxassislarga to‘laqonli arxeologik qazishmalar olib borish, zamonaviy ilmiy usullardan foydalanish va yangi kashfiyotlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda Qo‘rg‘ontepadagi mazkur ibodatxona qoldiqlari orasidan to‘rt qo‘lli ma’bud tasviri aks ettirilgan devoriy rangtasvir, shuningdek, sopol haykalga oid qo‘l va oyoq qismlari ham topilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryodagi Ozod yodgorligida miloddan avvalgi 1700–1500-yillarga oid Sopolli madaniyatiga xos qabriston topilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi