Betob qizning operatsiyasi uchun xayriya pullarini o‘zlashtirgan firibgar ushlandi
3-sahifa
−
05 iyun
5636“Betob qizning operatsiyasi uchun” deya o‘zganing nomidan akkaunt ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan firibgar qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston respublikasida yashovchi ayol A.Z. ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs uning qizining fotosuratini ijtimoiy tarmoqlarga joylab, xalqdan operatsiyaga pul yig‘ayotganini ma’lum qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlariga ko‘ra, mazkur jinoyatni Farg‘ona viloyatida yashovchi M.M. sodir etganligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan M.M. jabrlanuvchi A.Z.ning betob qizi Z.T.ning nomidan akkaunt ochib, uning fotosurati va video tasvirlarini hamda o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank kartalarini uning nomidan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarga joylagan va operatsiya uchun xalqdan yordam puli so‘rab, aldash yo‘li orqali fuqarolarning xayriya tariqasida o‘tkazgan pullarini o‘zlashtirib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan M.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Buxoro viloyatining Jondor tumanida fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik jinoyatini sodir etgan Tibbiyot birlashmasi rentgenolog vrachi qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr