“Betis” bosh murabbiyi futbolga yangi qoidani joriy etishni taklif qildi
Sport
−
08 noyabr 2025 3461 2 daqiqa
Yevropa ligasining 4-turida “Betis”ning Fransiya klubi “Lion” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan o‘yindan so‘ng, 72 yoshli chililik mutaxassis Manuel Pellegrini basketboldan ilhomlangan holda futbolga yangi qoidani joriy etishni taklif qildi. Bu haqda “L’Équipe” nashri xabar berdi.
Pellegrinining fikricha, futbolni yanada dinamik va hujumga yo‘naltirilgan o‘yin shakliga aylantirish uchun to‘p maydon yarim chiziqni kesib o‘tganidan keyin jamoalarga uni orqaga, o‘z yarmiga qaytarishni taqiqlash kerak.
“Menimcha, futbolni yanada jadalroq qilish uchun ayrim qoidalarni o‘zgartirish mumkin. Masalan, to‘p yarim chiziqni bosib o‘tgach, uni o‘z yarmiga qaytarishni taqiqlash kerak. Bu o‘yinni tezlashtiradi va jamoalarni raqib darvozasiga yaqinroq o‘ynashga majbur qiladi”, deydi Pellegrini “L’Équipe” nashriga.
U shuningdek, hozirgi ofsayd qoidasi o‘zgartirilmasligi kerakligini, VAR tufayli bu borada xatolarga yo‘l qo‘yish ehtimoli kamayganini ta’kidladi.
“Ofsayd qoidasi hozirda to‘g‘ri ishlayapti. Uni o‘zgartirish keraksiz tavakkalchilik bo‘lardi. VAR tufayli adolatsiz qarorlar soni kamaydi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, Pellegrini murabbiy sifatida “River Pleyt”, “Vilyarreal”, “Malaga”, “Real Madrid” va “Manchester Siti” kabi klublarda faoliyat yuritgan. Uning qo‘l ostida “Betis” 2021-2022 yilgi mavsumda Ispaniya Qirol kubogini qo‘lga kiritgan.