Beshta davlat ikki isroillik vazirga sanksiya kiritdi

Olam

image

Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Norvegiya Isroil Moliya vaziri Betsalel Smotrich va Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda kecha, 10 iyun kuni xalqaro axborot agentliklari xabar berdi.

Bunga sabab sifatida “G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonlikka undash” ko‘rsatilgan.

“Biz isroilliklar va falastinliklarning xavfsizligi va qadr-qimmatini kafolatlash va mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashning yagona yo‘li bo‘lgan ikki davlat yechimiga sodiqmiz, ammo u ekstremistik ko‘chmanchilar zo‘ravonligi va aholi punktlarining kengayishi tahdidi ostida”, deyiladi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida e’lon qilingan qo‘shma bayonotda.

Qayd etilishicha, Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrich falastinliklarga qarshi ekstremistik zo‘ravonlik va jiddiy inson huquqlari buzilishiga undagan.

“Falastinliklarni majburan ko‘chirish va Isroilning yangi aholi punktlari barpo etishni targ‘ib qiluvchi ekstremistik ritorika jirkanch va xavflidir. Bu harakatlar qabul qilinishi mumkin emas”, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Yuqoridagi davlatlar Isroil hukumatini “xalqaro huquq bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga va ekstremistik, zo‘ravonlik va ekspansionistik ritorikaga barham berish uchun muhim choralar ko‘rishga” chaqirmoqda.

Shu bilan birga, bayonotda Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Norvegiya “Isroil xavfsizligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash”ni izhor etishda davom etishi hamda 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS harakati tomonidan Isroilga qarshi sodir etilgan hujumni qoralashi ta’kidlanadi.

Boshqa narsalar qatorida, davlatlar G‘azo sektoridagi tinch aholining azoblanishi masalasini ko‘tarib, G‘azo sektorida yoki G‘arbiy Sohilda falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga, shuningdek, G‘azo sektori hududini qisqartirishga yo‘l qo‘yilmasligini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurori Karim Xon ma’muriy ta’tilga chiqishidan oldin Isroil Moliya vaziri Betsalel Smotrich va Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirni hibsga olish uchun order berishni so‘ramoqchi bo‘lgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng Itamar Ben-Gvir Xalqaro jinoiy sud (XJC) tomonidan hibsga olinishi mumkinligidan qo‘rqmasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Itamar Ben-Gvir Betsalel Smotrich

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing