Beshariq Tojikistonning 500 ming aholisi uchun tranzit hududga aylanadi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Qo‘qon shahrida Qoraqalpog‘iston rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ishtirokidagi yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda davlat rahbari Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidagi ishga solish mumkin bo‘lgan potensial imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.

Prezident Beshariqni Tojikistonning So‘g‘d viloyati bilan bog‘lovchi ko‘prikdagi ishlar yakuniga yetkazilsa, (qurilish ishlari 70 foiz bajarilgan), yo‘l 5 barobarga qisqarishi va natijada Beshariq Tojikistonning 500 ming aholisi uchun tranzit hududga aylanishini ta’kidladi.

Bu Beshariqda kamida 40 million dollarlik servis, savdo, sayyohlik va tibbiyot turizmi ob’ektlarini barpo qilish uchun katta imkoniyat hisoblanadi.
Shuningdek, tumandan o‘tuvchi magistral avtomobil yo‘li bo‘yida savdo va servis ob’ektlarini tashkil qilib, kamida 500 nafar aholini daromadli qilish bo‘yicha jami 8 million dollarlik 60 ta loyiha tashabbuskorlari aniqlangan.

Tumandagi Sariqamish ko‘lida ekoturizm maskanlarini barpo qilish, ovchilik turizmini yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorlar 10 million dollar investitsiya kiritish taklifini bildirgan. Shu orqali ko‘l atrofiga har yili 50 ming nafar sayyohni jalb qilib, turizm xizmatlaridan qo‘shimcha 5 million dollar daromad topish mumkinligi qayd etilgan.

Tumandagi 6 ta mahallada joylashgan sobiq mineral o‘g‘it saqlash omborlari negizida tadbirkorlar 21 million dollar investitsiya kiritish hisobidan meva-sabzavotni saqlash va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish tashabbusini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha mamlakatda 12-o‘ringa tushib qolganini ta’kidlagandi. Shuningdek, Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyatidagi ayrim tuman va shaharlarning ko‘rsatkichlari qoniqarsizligini tanqid qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Farg'ona Mirziyoev Beshariq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing