Berlin devori qulaganiga 35 yil to‘ldi
Olam
−
09 noyabr
3396Bugun, 9 noyabr kuni Germaniya poytaxti Berlin shahrida mamlakat Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, bir qator Yevropa davlatlaridan kelgan yoshlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida Berlin devori qulaganining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Bayramda Eron, Belarus, Gruziya, Gonkong va Kubadan turli huquq va erkinliklarni himoya qiluvchi harakatlar hamda tashkilotlar vakillari ishtirok etgan.
Bayram tadbirlari “Ozodlikni himoya qilamiz!” shiori ostida o‘tkazilgan. Berlin meri Kay Vegnerning so‘zlariga ko‘ra, 1989 yilning 9 noyabr sanasi “jasur fuqarolar o‘z bosimi bilan devorni shunchaki olib tashlagan” baxtli kundir.
Tantanali tadbirda ishtirokchilar devor qoldiqlari bo‘laklariga atirgullar qo‘ygan. Berlin devori yodgorligining bir qismi bo‘lgan Yarashuv kapellasida (Kapelle der Versöhnung) ibodat marosimi bo‘lib o‘tgan.
Berlin devori fondi direktori Aksel Klausmayer Sharqiy va Markaziy Yevropada huquq va erkinliklarni himoya qiluvchi harakatlarning rivojlanishida Polsha birdamlik harakati alohida o‘rin tutganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Berlin devorining qulashi – Ikkinchi jahon urushi oqibatida ikkiga bo‘linib ketgan Germaniyaning qayta birlashishining boshlanishini anglatadi. Sotsialistik jamiyat qurish yo‘lini tutgan Germaniya Demokratik Respublikasi (GDR)ning ijtimoiy turmush darajasi rivojlangan davlatlardagiga nisbatan ancha orqada qolgan edi. G‘arbiy Germaniya esa urush asoratini tezda bartaraf etib, jahonning taraqqiy etgan mamlakatlari qatoridan o‘rin egalladi. Nemis xalqining birlashish orzusi 1989 yilning so‘ngida taqiq ramzi bo‘lmish Berlin devorining buzilishi bilan ushaldi. Yer yuzida “sovuq urush” xavfi kamaygani, jahon tinch o‘zgarishlar davriga kirgani, bir-biriga zid tuzumlar o‘rtasidagi ixtilofning barham topishi, qurolsizlanish va iqtisodiy hamkorlik yo‘lidagi ilk qadamlar ikki Germaniya davlatining qo‘shilishiga zamin hozirladi. Bu harakat 1990 yilning aprel–may oylarida GDR va Germaniya Federativ Respublikasi hukumatlari tomonidan shartnomalarning imzolanishi hamda GDR xalq palatasining Germaniya Demokratik Respublikasi GFR tarkibiga qo‘shilishi haqidagi 1990 yil 3 noyabr kuni imzolangan qarori bilan muvaffaqiyatli yakunlangan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr