Berbok va Van Ining muzokaralaridan nemis OAV vakillari chiqarib yuborildi

Olam

image

Xitoy poytaxti Pekin shahrida Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va uning xitoylik hamkasbi Van I o‘rtasidagi muzokaralar davomida nemis jurnalistlari zaldan chiqarib yuborildi. Bu haqda “Handelsblatt” xabar berdi.

“Germaniya Tashqi ishlar vaziri Ukrainadagi urush haqida gapira boshlaganida xavfsizlik xizmati vakillari nemis jurnalistlarini Berbok nutqini yakunlashiga ulgurmasdan zaldan chiqishga majbur qildi. Bu Xitoyda yana takroran sodir bo‘lmoqda va ochiq tanqidlar xush ko‘rilmasligini aniq ko‘rsatmoqda”, deyiladi xabarda.

Bu paytda Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Xitoyni Rossiyaga dronlar, qurol-yarog‘ va boshqa harbiy vositalar yetkazishda yordam berayotganlikda ayblagan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa ayblovlarni rad etgan. Berbokning so‘zlariga ko‘ra, bunday yordam Yevropaning asosiy manfaatlariga zarar yetkazmoqda.

“Berbok Xitoyni Yevropa hamkori sifatida Ukraina masalasida faol rol o‘ynashiga umid bildirdi. Van I esa Xitoyning tinchlik va muzokaralarni targ‘ib qilish orqali muammoni hal qilishga bo‘lgan pozitsiyasini keng va tizimli bayon qildi”, deyiladi Xitoy TIV bayonotida.

Van Iga ko‘ra, siyosiy qarashlardagi farqlar hamkorlikka to‘sqinlik qilmasligi kerak. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarga uchinchi tomonlar ta’sir o‘tkazmasligi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarshi urush uchun hujumchi dronlarni ishlab chiqishda Rossiyaga yordam berayotgan bir qancha Xitoy kompaniyalarga qarshi sanksiyalar joriy etishni ko‘rib chiqayotgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Van I Annalena Berbok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing