Benzinni noto‘g‘ri sotish orqali salkam 500 mln zarar yetkazilgani aniqlandi

3-sahifa

image

Benzinni noto‘g‘ri sotish, shuningdek, iste’molchilarga to‘liq hajmlarda quyib bermaslik oqibatida qariyb 489 million so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, olib borilgan o‘rganishlar davomida yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzinni AI-91 yoki AI-92 markasi ostida sotish holatlari aniqlangan. Shu sababli, turli hududlarda xususiy korxonalarga qarashli 23 ta yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilayotgan yonilg‘i sifatini aniqlash maqsadida nazorat xaridlari o‘tkazilgan.

Nazorat tadbirlari davomida Samarqand viloyatidagi “Triada ekspress servis” mas’uliyati cheklangan jamiyat, “Turop Godir” MCHJ va “Muxammad neft oil” MCHJ kabi yonilg‘i quyish shoxobchalarida qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi “SAID AGSM TEX SERVIS”, “Bekzod-5”, “Murod Maqsad Trans” va “LUX PETROL” MCHJlarga qarashli yonilg‘i quyish va boshqa shu kabi shoxobchalarda ham bunday holatlar kuzatilgan.

“Yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra, benzinni noto‘g‘ri sotish, shuningdek, iste’molchilarga to‘liq hajmlarda quyib bermaslik oqibatida yetkazilgan zarar miqdori qariyb 489 million so‘mni tashkil etdi. Ayni paytda iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash va qayta hisob-kitob qilish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Yil boshidan buyon birja savdolari orqali o‘rtacha 20 tonna, jami 5,2 ming tonna neft mahsulotlari xarid qilinganiga qaramay, 241 ta yonilg‘i quyish shoxobchasida iste’molchilarga benzin sotilmagani aniqlangan. Ya’ni sun’iy ajiotaj holati vujudga keltirilmoqda. 

Ma’lum qilinishicha, o‘rganishlar natijalari bo‘yicha materiallar zarur choralar ko‘rilishi uchun Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Benzin zarar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing