Ben Lodenning terrorchiligi uchun afg‘on xalqidan tovon talab qilishga Baydenning qanday haqqi bor? – Karzay
Olam
−
14 fevral 2022
11212AQSH rasmiylarining 11 sentyabr teraktlari qurbonlari uchun “tovon puli” sifatida muzlatilgan afg‘on bank hisoblaridagi mablag‘larning yarmini (7 milliard dollarning 3, 5 milliardini) xorijga o‘tkazish haqidagi qarori Afg‘onistonda sarosimaga sabab bo‘ldi.
Afg‘oniston “Tolibon” harakati matbuot kotibi Muhammad Naim Jo Bayden ma’muriyati qarorini “afg‘on xalqining mulkini o‘g‘irlash” deb atadi.
Afg‘oniston Markaziy banki AQSH Prezidentining qaroriga javoban “mablag‘larni begona maqsadlarda taqsimlanishini qabul qilib bo‘lmaydi”, degan.
Oq uy rahbarining qarorini boshqalar qatorida Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay ham qoralagan. U AQSH Prezidenti Bayden o‘z qarorini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Karzayning urg‘ulashicha, Afg‘oniston xalqi Usama ben Lodenning terrorchilik faoliyati uchun tovon to‘lamasligi kerak.
“Afg‘oniston xalqi terrorizm qurboni. AQSHning terrorizmdan jabr ko‘rgan davlatdan tovon talab qilishga qanday haqqi bor? Men Amerika xalqiga va butun dunyoga murojaat qilaman, qanday qilib butun bir xalqni ayblab, pul olib keta olasiz?”, deydi sobiq prezident.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jozef Bayden Afg‘onistonning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi ortidan mamlakatning muzlatilgan pullarini qaytarish haqidagi hujjatga imzo chekkandi. Unga ko‘ra, AQSH tomonidan muzlatilgan pullardan ajratilayotgan 7 milliard dollar atrofidagi mablag‘ning yarmi ocharchilikdan aziyat chekayotgan afg‘on halqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun ajratiladi.Qolgan yarmi esa, 2001 yil 11 sentyabr kuni Nyu-Yorkda uyushtirilgan 9/11 terroristik hujum oqibatida qurbon bo‘lgan amerikaliklarning oila a’zolariga kompensatsiya tariqasida tarqatiladi.
Afg‘onistondagi inqiroz
2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda boshqaruv “Tolibon” tomonidan egallab olinishi ortidan, xalqaro tashkilotlar va moliya jamg‘armalari Afg‘onistonga tegishli bo‘lgan 10 millard AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni muzlatib qo‘ygan. Ushbu mablag‘larning 7 millard dollar atrofidagi qismi AQSHda saqlanayotgan edi.
Hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” AQSH va xalqaro tashkilotlardan Afg‘onistonning muzlatilgan pullarini afg‘on xalqiga qaytarishni talab qilib kelyapti. “Tolibon” pullarni qaytarish va afg‘on xalqiga ko‘rsatib kelingan gumanitar yordamlarni yana qayta yo‘lga qo‘yish borasida BMT va AQSH hukumati bilan bir necha bor muzokaralar olib borgan.
BMTga ko‘ra, 2022 yilda mamlakatning 95 foiz aholisi jiddiy ocharchilikni boshidan kechirishi taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 2001 yilning 11 sentyabr kuni AQSHda bir qator terrorchilik harakatlari amalga oshirilgan. Buning ortida esa “Al-Qoida” turgan edi. O‘sha paytda Afg‘onistonni boshqarayotgan “Tolibon” “Al-Qoida”ning rahbari Usama ben Lodenga mamlakatda boshpana bergan va uni G‘arb kuchlariga topshirishdan bosh tortgandi. Bunga AQSH boshchiligidagi NATO kuchlari 20 yillik Afg‘onistondagi urush bilan javob qaytardi: 2001 yilda “Tolibon”ni hokimiyatdan ag‘dardi, 2011 yilda Usama ben Lodenni yo‘q qildi.