Afg‘onistondagi qurolli hujumda 14 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
14 Sentabr
6706Kecha, 13 sentyabr kuni Afg‘oniston markazidagi Daykundi viloyatida noma’lum qurolli shaxslar tomonidan uyushtirilgan hujumda kamida 14 kishi halok bo‘ldi va 4 kishi yaralandi. Bu haqda “Tolo News” xabar berdi.
Hujum mahalliy vaqt bilan soat 13:00 atrofida Daykundi va G‘or provinsiyalari chegarasidagi dovon hududida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, hujum mahalliy aholi Iroqning Karbalo shahridan qaytayotgan ziyoratchilarni kutib olishga borganida ro‘y bergan.
Hujum ichki va xalqaro miqyosda noroziliklarga sabab bo‘lgan. “Tolibon” vakili Zabihulloh Mujohid qotillikdan afsusda ekanini bildirgan. Mujohid X tarmog‘ida bu harakatni keskin qoralab, odamlarning hayoti va mulkini himoya qilishni o‘zining burchi deb bilishini aytgan. U ushbu voqea uchun javobgar shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish va hibsga olish uchun jiddiy harakatlar amalga oshirilishiga va’da bergan.
Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay ham hujumni qoralab, qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirgan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, hodisa qurbonlari Karbalodan qaytgan ziyoratchilarni kutib olishga ketgan Daykundining Sang-Taxt va Bandar tumanlari aholisi bo‘lgan.
O‘z navbatida, Eronning Qobuldagi elchixonasi ham hujumni keskin qoralab, aybdorlarning javobgarlikka tortilishini talab qilgan. Eron TIV matbuot kotibi Nosir Kanani Daykundi aholisiga qilingan hujumni tanqid qilib, muvaqqat hokimiyatni ushbu jinoyatga qarshi chora ko‘rishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon”ning Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi ayollarga sotuvchilar bilan savdolashishni taqiqlagandi.
LiveBarchasi