Bemor vafot etdi. Uning yaqinlari shifokorni do‘pposladi
Jamiyat
−
27 Sentabr 2019
7000Toshkent shahrining Yashnaobod tumanida bemorning uch nafar qarindoshi shifokorlarni do‘pposladi.
Joriy yilning 25 sentyabr kuni soat 22:01 da Toshkent shahar “Tez yordam” stansiyasi “Call-markazi”ga Yashnobod tumani Botkina ko‘chasi 4-uy, 38-xonadonda yashaydigan A.Aning ahvoli og‘irlashgani haqida qo‘shnisi xabar beradi. Bu ma’lumot zudlik bilan Yashnobod tumani 3-podstansiyasiga yetkaziladi va “Tez yordam” brigadasi soat 22:18 da aytilgan manzilga yetib boradi.
Vrach Q.S. va feldsher M.O. bemor A.A.ni ko‘rikdan o‘tkazganida, u vafot etgani ma’lum bo‘ladi. Biroq, bemorning yaqinlari shifokorlardan bemorga ukol qilish, reanimatsiya yordami ko‘rsatishni talab qiladi. Shifokorlar ularga bu foydasiz ekanini tushuntirishiga qaramasdan, bemorning yaqinlari tibbiyot xodimlariga tahdid qilishda davom etadi. Shunda feldsher M.O. uyning yo‘lagiga qochib chiqadi. Bemorning yaqinlaridan uch kishi uning ortidan quvib, yo‘lakda uni kaltaklaydi.
Natijada M.O. jiddiy tan jarohati olib, yo‘lovchi mashinada Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasiga boradi. U yerda feldsherga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, olgan tan jarohati og‘ir bo‘lgani uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yuboriladi. Bemorga bosh miya yopiq jarohati, yuz-jag‘ jarohati, ko‘krak qafasi yopiq jarohati, buyrak jarohati tashxisi qo‘yilgan. Shifokor Q.S. ham jiddiy tan jarohati olgani bois, ayni paytda davolanmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlarning salomatligini qat’iy nazoratga olgani ma’lum qilinmoqda. Shu bilan birga, mazkur holatga huquqiy baho berish, tibbiyot xodimlarining haq-huquqini himoyalash maqsadida Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat yo‘llangan.
LiveBarchasi