Bemor Saakashviliga Polshadan najot keldi 

Olam

image

Polshalik shifokorlar guruhi Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini ko‘rikdan o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy ma’lum qildi.

"Biz do‘stlarimizni muhtojlikda qoldirmaymiz. Mening iltimosim bilan bir guruh polshalik shifokorlar Gruziyada prezident Mixail Saakashvilini keng qamrovli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni boshladi", deydi Mateush Moravetskiy o‘zining Twitter sahifasida.

Qayd etilishicha, Polsha shifokorlari Gruziyaga Yevropa Ittifoqi nomidan kelgan, Saakashviliga tibbiy missiya yuborish qarori esa yarim yil avval Bryusselda qabul qilingan.

“Olti oylik kechikishdan so‘ng hukumat nihoyat shifokorlarga Mixail Saakashvilini shifoxonada tekshirishga ruxsat berdi. Ular uning ahvolini o‘rganmoqda va keyin o‘z xulosalarini chiqaradi”, deydi gruziyalik siyosatchining advokati Dito Sadzaglishvili.

Bundan oldin Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy, “Rossiya Ukraina fuqarosi Mixail Saakashvilini Gruziya rasmiylari qo‘li bilan o‘ldirmoqda”, deya da’vo qilib, Gruziyani uni Ukrainaga davolanish uchun yuborishga chaqirgandi.

Ma’lumot uchun, Saakashvili 2013 yilda Gruziyani tark etgan, shundan so‘ng mamlakatda unga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochilgan, shundan ikkitasida siyosatchi sirtdan uch va olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2021 yil oktyabrt oyida Saakashvili Gruziyaga yashirincha kelganida hibsga olingan. 2022 yil may oyida sog‘lig‘i yomonlashgani sababli u Tbilisidagi "Vivamed" xususiy klinikasiga olib o‘tilgan va u shu kungacha o‘sha yerda qolmoqda. Gruziya rasmiylari Saakashvili qamoqdan chiqish uchun o‘zini og‘ir ahvolda deb ko‘rsatmoqda, deb hisoblamoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 iyul kuni Saakashvili Tbilisi shahar sudining 2007 yildagi mitingni tarqatib yuborish ishi bo‘yicha yig‘ilishida shifoxonadan videoaloqa orqali ishtirok etgandi. Videoda sobiq prezident ozib ketgani ko‘rinadi. Keyinroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Tashqi ishlar vazirligiga Gruziya elchisiga qo‘ng‘iroq qilib, Ukraina fuqaroligiga ega bo‘lgan Saakashvili masalasi bo‘yicha maslahatlashish uchun 48 soat ichida mamlakatni tark etish haqida buyruq berishni topshirdi. Gruziya Tashqi ishlar vazirligi Kiyev qarorini diplomatik munosabatlarni keskinlashtirish, shuningdek, suveren davlatning ichki ishlariga aralashishning ekstremal shakli deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Pol'sha Mixail Saakashvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing