“Bemor” Qodirov yana taxtida qolmoqchi
Olam
−
15 iyul 2023
15891Chechenistonning amaldagi rahbari Ramzan Qodirov mamlakat boshqaruvi uchun navbatdagi rahbarlik saylovida ham o‘z nomzodini qo‘ymoqchi. Bu haqda siyosatchi o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Ular meni yo‘ldan olishayotgani va o‘rnimga boshqasini qidirayotgani haqida mish-mishlar tarqalmoqda. Biroq ularning ovvora bo‘lishi uchun hech qanday asos yo‘q. Men o‘rnimni bo‘shatishga majbur emasman”, deydi Qodirov.
Gap shundaki, joriy yilning iyul oyi boshida chechen muxolifatchisi, Abu-Saddam Shishani taxallusi bilan tanilgan Tumso Abdurahmonov o‘zining Telegram-kanalida Qodirovning salomatligida jiddiy muammo borligi va o‘lim to‘shagida yotgani haqida xabar tarqatdi.
“Uning buyraklari ishdan chiqqan, dializ yordam bermayapti”, deb yozgan u.
Siyosatchi yuqoridagi kabi mish-mishlar fonida rasman ta’tilga chiqqanini ma’lum qildi. Tegishli buyruq mamlakat rahbari va hukumati saytida e’lon qilindi.
“Men 2023 yil 3 iyuldan yillik to‘lanadigan ta’tilga chiqaman. Ta’til davridagi Checheniston Respublikasi rahbarining vazifalarini Checheniston Respublikasi hukumati raisi Xuchiyev Muslim Magomedovichga topshiraman”, deyiladi hujjatda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga javoban Qodirov o‘zining yaqin hamkori, Rossiya Davlat Dumasi deputati hamda Rosgvardiyaning chechen bo‘linmasi boshlig‘i Adam Delimxonov bilan Instagram’da jonli efirga chiqdi va o‘zining ahvoli yaxshi ekanini bildirdi.
Qodirovning ta’kidlashicha, agar xalq uni yana saylasa, ishlashni davom ettiradi.
“Xudo xohlasa, yana saylovga boraman va agar xalq meni saylasa, ishlashni davom ettiraman. Shu bilan birga, barchadan mish-mishlarga ishonmaslikni so‘rayman, chunki ularning maqsadi mintaqani beqarorlashtirish va Checheniston rahbariyatining obro‘siga putur etkazish”, deydi respublika rahbari.
Ma’lumot uchun, Qodirov 2007 yildan beri Checheniston rahbari sifatida ishlab kelmoqda, u o‘z lavozimini Rossiya tarkibidagi respublikalarning boshqa barcha amaldagi rahbarlariga qaraganda uzoqroq muddat saqlab kelayotgan siyosatchi hisoblanadi. Qodirov 2021 yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda 99,7% rekord natija bilan g‘alaba qozongan. Uning vakolat muddati 2026 yilda tugaydi.
LiveBarchasi