Belgradda minglab odamlar ikki hafta ichida uchinchi marta namoyishga chiqdi

Olam

image

Serbiya poytaxti Belgradda so‘nggi ikki hafta ichida uchinchi marta minglab odamlar zo‘ravonliklarga qarshi namoyishga chiqdi. Bu haqda “DW Global” nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, namoyish ishtirokchilari Serbiya Ichki ishlar vazirligi rahbari Branislav Gashich hamda Xavfsizlik va axborot agentligi rahbari Aleksandr Vulinning iste’foga chiqishini, shuningdek, elektron ommaviy axborot vositalarini tartibga solish bo‘yicha hukumat qo‘mitasini tarqatib yuborish yoki yopilishini talab qilmoqda.

Namoyishlar may oyida Serbiyada o‘nlab odamlarning o‘limi va yaralanishiga sabab bo‘lgan ikki ommaviy otishma ortidan mamlakatda zo‘ravonlik darajasi ortib borayotganidan xavotirlar fonida boshlandi. 

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, muxolifat tomonidan uyushtirilayotgan mazkur mitinglar 20 yildan ko‘proq vaqt avval Serbiyaning sobiq yetakchisi Slobodan Miloshevich rejimining qulashiga sabab bo‘lgan ommaviy namoyishlar ortidan bo‘lgan eng yirik mitinglardir.

O‘z o‘rnida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich norozilik namoyishlarini siyosiy nayrang deb atadi. U kelasi hafta o‘z tarafdorlari tomonidan namoyish o‘tkazilishini e’lon qildi va u “Serbiya tarixidagi eng yirik yig‘ilish” bo‘lishini aytdi. Vuchichning yaqin ittifoqchisi, Bosh vazir Ana Brnabich ham “tashqi razvedka xizmatlarini” mamlakatni beqarorlashtirish uchun tartibsizliklar uyushtirganlikda aybladi.

3 may kuni Belgraddagi maktabda 13 yoshli o‘smir o‘t ochishi oqibatida talabalar va maktab qo‘riqchilari bo‘lgan sakkiz nafar kishi vafot etgan, yana olti nafari yaralangan. Bir kun o‘tib, 21 yoshli yigit Mladenova munitsipaliteti yaqinida yo‘lovchilarga qarata o‘q otgan. Otishma oqibatida sakkiz kishi vafot etgan va 14 kishi yaralangan.

“Ommaviy otishmalardan so‘ng Vuchich Serbiyani qonuniy va noqonuniy o‘qotar qurol savdosiga qarshi kurash bo‘yicha ulkan reja bilan qurolsizlantirishga va’da berdi”, deyiladi xabarda.

Small Arms Survey tadqiqot guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, Serbiya Yevropada qurolga shaxsiy egalik qilish darajasi eng yuqori mamlakat bo‘lib, har 100 kishidan 39 nafari o‘qotar qurolga ega.

Nurmuhammad Fayzullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

namoyish Belgrad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing