Belgorodga qilingan hujumlar tufayli Rossiya qo‘mondonligi chorasiz qoldi – Britaniya razvedkasi
Olam
−
03 iyun 2023 11565 2 daqiqa
Rossiya qo‘mondonligi Belgorodga qilingan hujumlardan so‘ng dilemma holatiga (ikki tanlov o‘rtasida chorasiz qolish) tushib qolgan. Bu haqda “Meduza” nashri Buyuk Britaniya razvedkasiga tayanib, xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 1 iyun kuni “Ozod Rossiya” va “Rossiya ko‘ngillilar korpusi” o‘n kun ichida ikkinchi marta Rossiyaning Belgorod viloyatiga hujum qilgan. Murakkab jangovar vaziyatda dronlar Belgorodga, chegaradan 35 kilometr uzoqlikdagi hududga zarba bergan. Hukumat esa chegaradagi Shebekino qishlog‘i aholisini evakuatsiya qilgan. Rossiya harbiylari bu galgi hujumni avvalgisiga nisbatan muvaffaqiyatliroq qaytarishga erishgan. Biroq Mudofaa vazirligi press-relizida qo‘mondonlik o‘z hududida o‘t ochish vositalarining butun majmuasini, shu jumladan, zarba vertolyotlari va TOS-1A og‘ir ognemyot tizimlarini ishga tushirgani aytiladi.
Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, endilikda Rossiya o‘z hududida mudofaani kuchaytirish yoki Ukrainada bosib olingan pozitsiyalarini mustahkamlash o‘rtasida dilemmada qolgan.
Eslatib o‘tamiz, 22 may kuni Ukraina Qurolli Kuchlarining asosan ruslardan tashkil topgan harbiy qismlari – “Rus ko‘ngillilari korpusi” va “Rossiya ozodlik legioni” Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Belgorod viloyatiga hujum boshlagan edi. Shundan so‘ng tinch aholi Belgorodni ommaviy ravishda tark eta boshlagandi. 23 mayga o‘tar kechasi Belgorod viloyati bir necha bor o‘qqa tutildi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov mintaqada aksilterror operatsiyasi davom etayotganini aytdi. Keyinchalik Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Belgorod viloyati hududiga bostirib kirgan 70 dan ortiq diversant yo‘q qilinganini bildirdi. Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak mamlakat Qurolli Kuchlarining qarshi hujumi boshlanganini e’lon qildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr