Belgorodda federal favqulodda holat rejimi joriy etildi
Olam
−
15 avgust
5745Rossiyaning Belgorod viloyatida ham federal darajadagi favqulodda holat joriy etildi. Bu haqda viloyat rahbari Vyacheslav Gladkov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror Favqulodda vaziyatlar vaziri Aleksandr Kurenkov boshchiligidagi hukumat komissiyasi yig‘ilishida qabul qilingan. U mintaqadagi vaziyatni murakkab va keskin deb topgan.
“Viloyatda jabrlangan aholiga har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar tashkil etilgan, biroq sodir bo‘layotgan ishlar ko‘lami mintaqaga hozirgi favqulodda vaziyat oqibatlarini mustaqil ravishda bartaraf etishga imkon bermaydi”, deydi Kurenkov.
U federal favqulodda rejim joriy etilishi munosabati bilan oziq-ovqat va eng zarur tovarlar narxi oshishining oldini olishga chaqirdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi federal darajadagi favqulodda vaziyat rejimini joriy etish orqali mintaqaning jabrlangan aholisiga moddiy yordam tashkil qilinganini ham eslatdi. Bir martalik moddiy yordam miqdori 15 ming rublni tashkil qiladi. Mulk qisman yo‘qolgan taqdirda 75 ming, to‘liq yo‘qolgan taqdirda – 150 ming rubl to‘lanadi.
Halok bo‘lganlarning yaqinlariga 1,5 million rubl to‘lanadi. Sog‘lig‘iga o‘rtacha yoki og‘ir zarar yetkazilgan jabrlanuvchilar uchun tovon puli miqdori 600 ming rublni tashkil qiladi. Sog‘lig‘iga yengil zarar yetkazilgan hollarda to‘lov miqdori 300 ming rublni tashkil qiladi.
“Belgorod viloyatidagi vaziyat Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatiga bostirib kirganidan keyin yanada yomonlashdi. Xususan, chegaradosh shahar va qishloqlarni o‘qqa tutish kuchaygan, Krasnoyarsk o‘lkasi chegarasida dushman harakati kuzatilgan”, deydi viloyat rahbari.
6 dan 12 avgustgacha bo‘lgan hafta davomida Amerika urushni o‘rganish instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina kuchlari Rossiya hududi Kursk viloyatida 800 kvadrat kilometr maydonni nazoratga olishga muvaffaq bo‘lgan. Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, 12 avgust holatiga ko‘ra, bosib olingan hudud 1000 kvadrat kilometrga yetgan. Ukraina kuchlari nazorati ostidagi aholi punktlari soni esa 70 dan oshdi.
LiveBarchasi
26 noyabr