Belgorodda dahshatli portlash yuz berdi. Bu hujummi yoki..?
Olam
−
21 aprel 2023
11473Kecha, 20 aprel kuni kechqurun Rossiyaning Belgorod shahridagi Vatutina va Galkin ko‘chalari kesishmasida portlash sodir bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi portlash sababini Rossiya Aerokosmik kuchlarining Su-34 samolyoti shahar uzra parvozi vaqtida aviatsiya o‘q-dorilarini nohagon tushirib yuborishi bilan izohladi.
“2023 yilning 20 aprelida Moskva vaqti bilan soat 22:15 atrofida Aerokosmik kuchlarning Su-34 samolyoti Belgorod shahri uzra parvozi chog‘ida aviatsiya o‘q-dorilarini tushirib yubordi. Oqibatda turar-joy binolari shikastlangan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov esa favqulodda holat bo‘lgani, portlash oqibatida qurbonlar bo‘lmaganini ma’lum qilgan.
“Markaziy ko‘chalardan biri chorrahasida radiusi 20 metrli ulkan chuqur hosil bo‘lgan. Qo‘shni xonadonning oynalari shikastlangan. To‘xtab turgan bir nechta mashina portlash to‘lqinidan zarar ko‘rgan va elektr uzatish liniyalari ishdan chiqqan”, deydi gubernator.
Shuningdek, Vyacheslav Gladkov hududni o‘rganish natijasida Shalandina ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning 4 ta xonadonida vayronagarchilik bo‘lganiga aniqlik kiritgan. Shikastlangan kvartiralar egalariga vaqtincha mehmonxonada yashash taklif qilingan. 4 ta mashina ham zarar ko‘rgan. Hodisa oqibatida uch kishi jarohatlangani qayd etilgan.