AQSH Belarusda 14 nafar siyosiy mahbusni ozod qildi (video)
Olam
−
21 iyun 2025 3853 2 daqiqa
Belaruslik muxolifat faoli, prezidentlikka sobiq nomzod Svetlana Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i Sergey Tixanovskiy ozodlikka chiqarildi. Bu haqda “Nasha Niva” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uning ozod etilishiga AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Kit Kelloggning Belarusga qilgan safari sabab bo‘lgan. Kellogg ushbu tashrifi davomida Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko bilan uchrashgan.
Tixanovskaya ushbu xushxabarni ijtimoiy tarmoq orqali tasdiqlagan va Tramp, Kellogg, uning yordamchisi Jon Koul, AQSH Davlat departamenti, Yevropa va Yevrosiyo bo‘yicha Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Kristofer Smit hamda boshqa ko‘plab shaxslarga minnatdorlik bildirgan.
Sergey Tixanovskiy Belarusdan chiqib ketgani aytilmoqda. U bilan birga bir nechta boshqa muxolifat tarafdorlari ham ozodlikka chiqarilgan.
Jon Koul o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida yozishicha, jami 14 nafar siyosiy mahkum ozodlikka chiqarilgan. U bu borada Litva hukumatining ko‘magini ham e’tirof etgan.
Tixanovskiyning siyosiy faoliyati
46 yoshli Sergey Tixanovskiy 2006 yilda Svetlana Tixanovskaya bilan turmush qurgan, ikki farzandi bor.
2019 yilda u YouTube kanalini ochib, amaldorlarning noqonuniy faoliyatiga qarshi kurash boshlagan. Kanal ommalashganidan so‘ng, 2020 yilgi prezidentlik saylovlariga nomzod bo‘lishga qaror qilgan. Biroq Markaziy saylov komissiyasi uning tashabbus guruhini ro‘yxatdan o‘tkazmagan, o‘sha vaqtda Tixanovskiy ruxsatsiz mitingda qatnashgani uchun hibsda bo‘lgan.
Shu sababli uning o‘rniga siyosiy kurashga xotini – Svetlana Tixanovskaya kirishgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda Lukashenko 80 foiz, Tixanovskaya 10 foiz ovoz olgan, biroq muxolifat bu natijalarni soxtalashtirilgan deb hisoblagan va keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlangan. Tixanovskaya esa Litvaga chiqib ketgan.
2021 yilda Tixanovskiy ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish, ijtimoiy adovat qo‘zg‘atish, Markaziy saylov komissiyasi ishiga to‘sqinlik qilish va jamoat tartibini qo‘pol buzishga chaqirganlik ayblovlari bilan 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Keyinchalik, koloniya ma’muriyatiga bo‘ysunmagani uchun yana 1,5 yil qamoq muddati qo‘shilgan.
2023 yilda esa Svetlana Tixanovskaya xalq hokimiyatini egallash maqsadidagi fitna, ekstremistik tuzilma tashkil etish va hokimiyatni egallashga ochiq chaqiriqlar bilan sud tomonidan sirtdan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Minskdagi Mustaqillik saroyida AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi. Lukashenko va Kellogg o‘rtasidagi muzokaralar kun tartibiga xalqaro muammolar va dunyodagi umumiy vaziyat, mintaqaviy muammolar hamda Belarus-Amerika munosabatlari kiritilgan. Shu tariqa Kellogg so‘nggi yillarda Belarusga borgan AQSHning eng yuqori lavozimli rasmiysi bo‘lgan.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar