Belarus Polshaning harbiy guruh tuzishidan xavotirga tushdi
Olam
−
13 avgust 4103 2 daqiqa
Belarus Mudofaa vaziri Viktor Xrenin mamlakat Polshaning katta harbiy guruh tuzish istagidan tashvishga tushganini bildirdi. Bu haqda u BelTA nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, NATO “G‘arb-2025” qo‘shma mashg‘ulotlarini bahona qilib, o‘z o‘quv mashqlarini o‘tkazishga harakat qilmoqda. Polsha 30–34 ming harbiydan iborat guruh tuzishga qaror qilgan.
“Eng ko‘p xavotirga solgan qaror – Polsha harbiy-siyosiy rahbariyatining niyati. Ular 30–34 mingdan ortiq harbiy xizmatchidan iborat guruh tuzmoqchi. Bu bizning bahomizga ko‘ra, allaqachon jiddiy kuch hisoblanadi. Buni diqqat bilan kuzatish va javob choralarini ko‘rish kerak”, degan Mudofaa vaziri.
Xreninning so‘zlariga ko‘ra, NATO mamlakatlari rahbariyati Rossiya va Belarusning “G‘arb-2025” qo‘shma mashg‘ulotlarini o‘z o‘quv mashqlarini o‘tkazish uchun bahona sifatida ishlatishga urinmoqda.
“Agar ular qandaydir tajovuz ko‘rsatsa, bizda javob berishga imkoniyatlar bor”, degan Xrenin.
Ma’lumot uchun, Rossiya va Belarus Qurolli kuchlarining “G‘arb-2025” nomli qo‘shma strategik o‘quv mashg‘ulotlari joriy yilning 12–16 sentyabr kunlari o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarning ayrim bosqichlariga boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, MDH va SHHTga taklifnomalar yuborilgan.
Bu mashg‘ulotlar Rossiya va Belarus armiyalarining bu yildagi asosiy tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi. Ular ikki yilda bir marta, navbatma-navbat ikki mamlakat hududida o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha Rossiya bilan mumkin bo‘lgan urushga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mudofaasini kuchaytirayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi