Belgiya Bosh vaziri iste’foga chiqyapti
Olam
−
10 iyun
2618Belgiya Bosh vaziri Aleksandr De Kroo o‘zining "Ochiq Flamand liberallari va demokratlari" (Open VLD) partiyasi milliy va Yevropa parlamenti saylovlarida yirik mag‘lubiyatga uchragach, iste’foga chiqishini e’lon qildi. Bu haqda bugun, 10 iyunga o‘tar kechasi "Euronews" xabar berdi.
"Biz bu saylovda mag‘lub bo‘ldik. Men kampaniyaning yuzi bo‘ldim. Bu biz kutgan natija emas. Men to‘liq javobgarlikni o‘z zimmamga olaman. Bu biz uchun juda og‘ir oqshom bo‘ldi, men ertaga Bosh vazirlikdan iste’foga chiqaman, ammo liberallar kuchli, biz qaytamiz", degan De Kroo.
DPA agentligiga ko‘ra, Kroo bu gaplarni aytayotgan paytida ko‘zlarida yosh bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Aleksandr De Kroo bugun, 10 iyun kuni Belgiya qiroli Filippga hukumat rahbari lavozimini tark etish niyati haqida xabar beradi. Mutaxassislar saylov natijalaridan keyin yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha shiddatli muzokaralarni kutmoqda. 2019 yilgi saylovlardan so‘ng hukmron koalitsiya deyarli 500 kundan keyin tuzilgan.