Bektemirdagi maktabga kirgan notanish ayol kimligi ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Bektemir tumanidagi 293-sonli umumta’lim maktabi oshxonasiga notanish ayol kirgani va o‘quvchilarga choy ichishni taklif qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mazkur vaziyat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi.

Joriy yilning 16 noyabr kuni soat taxminan 15:30 larda maktabga jiyanini olib ketish uchun keldim deb tanishtirgan noma’lum shaxs (jinsi ayol) maktab navbatchisidan kun sovuq bo‘lgani uchun maktab oshxonasidan issiq choy olib ichishga ruxsat so‘rab kiradi. Oshxonada o‘tirgan 5-6-sinf o‘quvchilariga oshxonadan olgan o‘zi ichib o‘tirgan choydan ichishni taklif etgan. Shu vaqt oralig‘ida darsga qo‘ng‘iroq chalinadi va bolalar darsga biroz kech qolgan.

Holatga aniqlik kiritish uchun sinf rahbari N.Ansarova oshxonaga tushgan va o‘quvchilar atrofida bo‘lgan notanish shaxs haqida maktab rahbari N.Tojibayevani ogohlantiradi. Maktab rahbari N.Tojibayeva shu zahoti oshxonaga tushib noma’lum shaxs bilan savol-javob o‘tkazib, berilgan savollarga aniq javob bera olmagan fuqaro bo‘yicha darhol tuman IIB xodimlariga xabar qiladi. Maktabga kelgan tuman IIB xodimlari fuqaroni tezkorlik bilan suhbatga tortib, unga tegishli bo‘lgan sumka va kiyimlarini tekshirishadi. Tekshiruv natijasida qo‘lidagi sumkasidan ukol olish uchun olgan prits borligi aniqlanadi. Bu jismlarni fuqaro o‘quvchilarga ko‘rsatmagan va o‘quvchilarning sog‘ligiga zarar yetkazadigan hech qanday xatti-harakat qilmaganligi aniqlanadi.

Shuningdek, tuman IIB xodimlari tomonidan surishtiruv qilinganda ushbu fuqaro (08.04.1996 yil tug‘ilgan Kaunbayeva Maxliyo Azimjon qizi) Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, IIBda bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida ekanligi va sog‘ligida muammosi (ruhiy xasta) borligi ma’lum bo‘ldi. Yashash joyi aniqlanib fuqaroning onasi (Miramitova Muhabbat) va Olmaliq shahar IIB xodimlariga topshirilgan.

Fuqaroning onasi farzandini sog‘ligida muammosi borligini, lekin hech kimga zarari tegmasligini tasdiqlab, adashib kelib qolganligini ma’lum qiladi.

Shu sababdan tuman XTB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanligini bildirdi.

Qayd etilishicha, barcha maktab rahbarlariga doimiy ravishda har bir holatni nazorat qilish zarurligini va begona shaxslarni umumta’lim maktablariga kiritish ta’qiqlanishi bo‘yicha topshiriq berildi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Bektemir

Baholaganlar

385

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing