Bektemir Meliqo‘ziyev WBA’dan chempionlik jangini talab qildi (video)

Sport

image

O‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev WBA yo‘nalishi bo‘yicha chempionlik jangi o‘tkazishni talab qildi. Bu haqda sportchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida videomurojaat yo‘llab, tashkilotning qaroridan noroziligini bildirdi.

Meliqo‘ziyevning aytishicha, u bir nechta saralash jangida g‘alaba qozonib, WBA bo‘yicha rasmiy majburiy da’vogar maqomini qo‘lga kiritgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, WBA va Golden Boy unga navbatdagi jangi chempionlik uchun bo‘lishini kafolatlagan.

“Mungiyani oldinga o‘tkazishim evaziga keyingi jangim chempionlik jang bo‘lishiga va’da berishgan. Hozir esa u WBA reytingida hatto kuchli 15 talikka kirmagan bokschiga qarshi jangga tayyorlanmoqda. Biz qoidalarga amal qilamiz, mehnat qilamiz, ammo navbat bizga kelganda yana qoidalar chetga surilmoqda”, deydi Meliqo‘ziyev.

Bokschining qayd etishicha, u WBA sanksiyasi ostida 12 ta jang o‘tkazgan va to‘rtta saralash bahsida g‘alaba qozongan. Meliqo‘ziyev amaldagi chempion Xayme Mungiya bilan jang qilishni eng mantiqiy variant deb hisoblamoqda.

“Mungiya chempion, men esa majburiy da’vogarman. Bizdan oldin hech kim turmasligi kerak. Mungiya bilan jangimiz haqiqiy tomoshabop va murosasiz bahs bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu jang Meksika va O‘zbekiston boks maktablari o‘rtasidagi katta qarama-qarshilik bo‘lishi mumkin”, deydi o‘zbekistonlik bokschi.

Meliqo‘ziyev shuningdek, “Kanelo – Mbilli” jangi kechasida Mungiyaga qarshi chempionlik bahsi o‘tkazish ideal variant bo‘lishini aytgan.

“Men barcha jangchilarni hurmat qilaman, ammo endi navbat menga keldi. Ko‘p yillik mehnatim evaziga bu imkoniyatga loyiqman”, deya ta’kidlagan Meliqo‘ziyev.

Ma’lumot uchun, Meliqo‘ziyev WBA reytingining birinchi pog‘onasidan joy olgan. O‘zbekistonlik bokschi so‘nggi jangida ganalik Sena Agbekoni texnik nokaut bilan mag‘lub etib, WBA qit’alararo chempionlik kamarini muvaffaqiyatli himoya qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing