Bekmurod Abdullayev sudi ogohlantirishsiz boshqa tuman sudiga ko‘chirildi
Jamiyat
−
11:46 4466 3 daqiqa
Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov hamda 28 kishiga oid jinoyat ishini ko‘rish bo‘yicha birinchi sud majlisi bugun, 29 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudida o‘tkazilishi belgilangan edi.
Sud majlislari ro‘yxati onlayn axborotnomasidagi e’lon asosida QALAMPIR.UZ muxbiri sud majlisi belgilangan joyda hozir bo‘ldi. Biroq, sud majlisi noma’lum sabablarga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudidan Yunusobod tumani sudiga ko‘chirilgani ma’lum qilindi.
Sud majlisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida o‘tkazilishi bo‘yicha jamoatchilikka va ommaviy axborot vositalariga hech qanday e’lon berilmagan. Sud majlislari ro‘yxati onlayn axborotnomasida ham hech qanday o‘zgarish mavjud emas. Sud hamon Yangihayot tumanida o‘tkazilishi belgilangani haqidagi qayd mavjud.
QALAMPIR.UZ jurnalisti vaziyatga izoh olish uchun sudyalar Oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov bilan bog‘langan. Biroq, Akbarov ham bu o‘zgarishdan sud majlisi boshlanashidan 20 daqiqa oldin xabar topganini bildirgan.
Qayd etish joizki, JIB Yangihayot tuman sudidan JIB Yunusobod tuman sudigacha 45-50 daqiqalik yo‘l bosib o‘tish kerak. Tabiiyki, jurnalistlar sud jarayonini ilk daqiqalardan yoritishiga bu o‘zgarish katta to‘siq bo‘ladi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Bekmurod Abdullayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “b” va “g” bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.
Mazkur jinoyat ishi doirasida jami 30 nafar shaxsga nisbatan ayblov qo‘yilgan. Qayd etilishicha, ularning aksariyati Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan bir qatorda boshqa iqtisodiy va mansabga oid jinoyatlarda ham ayblanmoqda.
Ilova qilingan sud ro‘yxatiga ko‘ra, ayblanuvchilar orasida sobiq mansabdorlar Hoshim Yo‘ldoshev, Jahongir Qurbonov, Dilshod Tashev va Rustam Tursunov ham bor. Ularga nisbatan o‘zlashtirish yoki rastrata, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi, shuningdek ayrim holatlarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi moddalar bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, Bekmurod Abdullayev 2021 yil aprel oyidan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan. U 2025 yil 3 noyabr kuni lavozimidan ozod etilgan.
2026 yil yanvar oyida esa Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va departament boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va uning qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqalgan.
Live
Barchasi