Bedarak yo‘qolgan ikki alpinistning jasadi 34 yildan so‘ng topildi
Olam
−
10:30 3778 1 daqiqa
Shveysariya Alp tog‘larida 34 yil avval bedarak yo‘qolgan ikki belgiyalik alpinistning jasadi topildi. Ularning qoldiqlari muzlikning erishi sababli yuzaga chiqib qolgan. Bu haqda “CBS News” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 26 iyul kuni Shveysariyaning Italiya chegarasi yaqinidagi Vale kantonida joylashgan Trift muzligida sayyoh ikki kishining jasadini topgan.
Qoldiqlar identifikatsiya qilish uchun Sion shahridagi Vale kasalxonasining sud-tibbiyot institutiga yuborilgan.
DNK tahlili natijasida jasadlar 1992 yilda Vaysmic hududida bedarak yo‘qolgan ikki alpinistga tegishli ekani tasdiqlangan. Ular g‘oyib bo‘lgan paytda 39 va 41 yoshda bo‘lgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Vale kantoni 1925 yildan buyon bedarak yo‘qolgan shaxslar ro‘yxatini yuritib keladi. Ularning aksariyati baland tog‘lar va daryolar hududida bedarak yo‘qolgan.
Muzliklarning chekinishi sababli o‘nlab yillar avval tog‘larda yo‘qolgan odamlarning jasadlari va qoldiqlari vaqti-vaqti bilan muz ostidan chiqib qolmoqda.
Mutaxassislar muzliklarning erishi natijasida ilgari muz ostida qolib ketgan jasadlar tobora ko‘proq yuzaga chiqayotganini qayd etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dunyoning eng mashhur alpinistlaridan biri, dunyodagi eng baland 14 ta tog‘ni zabt etish bo‘yicha rekordi bilan ko‘pchilikka tanilgan Nirmal Purja qor ko‘chkisi oqibatida halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi