Yarim vayronaga aylangan Bayrut tarixiga nazar (fotoreportaj)

Bu qiziq

image

Bayrut Livan poytaxti. Mamlakatning siyosiy, iqtisodiy, madaniy markazi. O‘rtayer dengizining g‘arbiy sohili bilan tutashib ketgan. Shahar mamlakatning asosiy porti hisoblanadi.

Bayrut faqatgina Yaqin Sharq yoki Osiyoning emas, dunyoning eng qadimiy, yoshi ulug‘ shaharlaridan biri hisoblanadi. Ko‘hna shaharda ko‘plab me’moriy obidalar jamlangan.

Bayrutning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri – bu yerda dinlar tutashgan. Shaharda musulmon sunniylar va shialar bilan bir qatorda, xristianlar va yahudiylar ham yashab keladi. Tarixiylik va diniy bag‘rikenglik shaharni sayyohlarning sevimli maskaniga aylanishiga sabab bo‘lgan.

Shahar miloddan avvalgi 3-mingyillikda finikiyaliklarning aholi manzilgohi sifatida paydo bo‘lgan va “Barut” deb atalgan. Shahar nomi "Birot" (quduq) so‘zidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi.

Keyingi davrlarda shahar Misr fir’avnlari (miloddan avvalgi XVIII—XVII asrlar), Rim imperatorlari (mil. avv. I asr), Mesopotamiyada mavjud bo‘lgan Ossuriya va Bobil davlatlari, Arab xalifaligi (635 yilda), salibchilar (1100 yilda), Usmonli turklar (1516-1918) tomonidan bosib olingan. 1923-43 yillardan Fransiya mandatidagi hudud bo‘lgan. Ularning har biri shaharda o‘zidan iz qoldirgan. Natijada multimadaniyat yuzaga kelgan.

Bayrut Rim imperiyasi mustamlakasi bo‘lgan davrlardan tortib, hozirgacha mintaqadagi muhim markazlardan biri hisoblanadi.

Livan 1943 yilgacha Fransiya protektorati bo‘lgani mamlakatning me’morchiligi va tiliga ta’sir o‘tkazgan. Hozir ham arab bo‘lmagan livanliklarning bari fransuz tilida gaplashadi.

Livanda 1975 yilda fuqarolar urushi boshlanguncha, mamlakat gullab yashnagan va arab olamining moliyaviy-bank poytaxti bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda arab davlatlarining Shveysariyasi edi. Bayrut esa uning yuragi. Fuqarolar urushi 15 yil davom etib, 1990 yilda nihoyasiga yetgan. 15 yillik urush poytaxtni vayron qilgan. Shahar XX asr oxiri XXI asr boshida qaytadan qurilgan. 2015 yilda Amerikaning Condé Nast Traveler nashri o‘quvchilari Bayrutga Readers’ Choice Awards mukofotini bergan.

Endilikda Livanni larzaga solgan portlash epimarkazi bo‘lgan bandargohga to‘xtalsak. Odatda Bayrut bandargohi deb ataluvchi port Livan uchun muhim ahamiyatga ega. Bandargoh O‘rta yer dengizining g‘arbida joylashgan eng gavjum va faol port hisoblanadi.

Rim imperiyasi davridan boshlab Bayrut bandargohi sharq va g‘arbni bog‘lagan muhim iqtisodiy bog‘lanish nuqtasi bo‘lgan. Uning ahamiyati O‘rtayer dengizini Yaqin Sharq bilan bog‘lashi, Osiyo va Afrika tutashgan nuqtada joylashgani bilan o‘lchanadi.

Usmonli turklar davrida 1894 yilda bandargoh kengaytirilib ochilgan. 1925 yilda Fransiya nazoratiga o‘tib, 35 yil faranglar boshqaruvida bo‘ldi. 1960 yilda Bayrut bandargohi Livan nazoratiga o‘tdi. 1990 yilda fuqarolar urushi tugagach, port yana ta’mirlanib, kengaytirildi.

Bayrutda e’tiborga molik joylar yetarlicha topiladi. Bular:

•    Bayrut milliy muzeyi;

•    Azoblanganlar haykali;

•    Sursak saroyi;

•    Muhammad Amin masjidi;

•    Bayrut o‘rmoni;

•    Rim hammomlari.

Bayrut milliy muzeyi

Bayrut milliy muzeyi sayyohlarning eng sevimli joylaridan hisoblanadi. Muzeyda “Iliada” dostonidagi voqealar tasvirlangan sarkofaglar, finikiyaliklar yasagan haykallar va arab boyliklari jamlangan.

U yerda har kuni urush vaqtida bu madaniy boyliklarni saqlab qolish uchun nimalar qilingani haqida film namoyish qilinadi. Muzeyga kirish 3 yevro.

Bayrutda ko‘rish mumkin bo‘lgan yana bir narsa bu kattaligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rindagi olmos. 971,75 karatli olmos obro‘li zargarlar oilasidan bo‘lgan Robert Muavadaning shaxsiy muzeyida saqlanadi. Muzeyga islom san’ati va noyob sanamlar kolleksiyasi, qadimiy kitoblar hamda dunyoning turli nuqtalaridan jamlangan zargarlik buyumlari namoyish etiladi. Agarda taqinchoqlar olgingiz kelib qolsa, Beirut Gold Souks ham besh daqiqalik uzoqlikda. Ammo narxlar bir muncha qimmat.

Azoblanganlar haykali

Haykal Ozodlik maydonida joylashgan. Bu 1916 yilda Usmonli turklarga qarshi fitna uyushtirishda ayblanib, qatlq ilingan liviyaliklarga o‘rnatilgan yodkorlik. Dizayni bo‘yicha mukammal ishlangan haykalni ko‘rish uchun faqatgina mahalliy aholi emas, ko‘plab turistlar ham keladi.

Sursak saroyi

Nikolas Sursak o‘z saroyini 1910 ylda qurdirgan va unga qadimiy arxeologik topilmalar kolleksiyasini joylashtirgan. U yerga har kuni soat 10:00 dan 13:00 gacha va 16:00 dan 19:00 gacha bepul kirish mumkin. Saroy sohibi 1952 yilda vafot etgach, inshoot Bayrut ma’muriyatiga o‘tkazilgan va vasiyatga ko‘ra, zamonaviy san’at muzeyi bo‘lgan. Nikolas Sursakning shartlaridan biri Bayrut meri muzey rahbari bo‘lishi kerak edi.

Muzey mehmonlar uchun 1961 yilda ochilgan. Bu saroyda livan va xalqaro adabiy spektakllar namoyish qilinadi.

Muhammad Amin masjidi

Masjid Bayrutning tarixiy qismida Azoblanganlar maydonida joylashgan va Livanning eng mashhur turistik obidasi hisoblanadi. Bu mamlakatdagi eng katta masjid hamda ichki va tashqi me’morchiligi bo‘yicha eng chiroylisi ham.

Bayrut katalashib, aholi ko‘payganda shahar markazida minglab odamlani sig‘dira oladigan masjid qurish g‘oyasi tug‘ilgan. Keyin qurilish uchun yer sotib olish boshlangan va 2000-yillar boshida yetarli maydon tayyor bo‘lgach, 1852 yilda qurilgan Muhammad Amin masjidi o‘rnida qurilish boshlangan.

Masjid asosan Livan Bosh vaziri Rafiq Xaririning harakati va xayriyalari hisobiga qurilgan. Qurilish 2002-2005 yillarda olib borilgan va Bosh vazir o‘ldirilganda deyarli bitib bo‘lgan. Rafiq Xariri masjid hududiga dafn qilingan.

Masjid Mamluklar va Usmonlilar imperiyasi me’moriy uslubini mujassamlashtirgan holda barpo etilgan. Uning ark va devorlari toshlar bilan qoplangan va Qur’on oyatlari bilan bezatilgan. Masjidning umumiy maydoni 10 711 m kv.

Erkaklar masjidga shimoliy tomondan, ayollar g‘arbiy tomondan kiradi. Birinchi qavatda namoz o‘qilidigan joy 3 700 musulmonni sig‘dira oladi. Masjidning 4 ta darvozasi bor.

Bayrut o‘rmoni

Bayrut o‘rmoni poytaxtdagi omma uchun ochiq bo‘lgan eng katta yashil hudud hisoblanadi. U Qasqas va Tayouneh tumanlari orasida joylashgan. O‘rmonda O‘rtayer dengizida noyob bo‘lgan ekzotik o‘simliklar o‘sadi. O‘rmon sayr qilish, yugurish, kundalik sport bilan shug‘ullanish uchun dushanba-juma kunlari soat 7:00 dan 14:00 gacha ochiq bo‘ladi.

XII asrda o‘rmon maydoni 12 kvadrat milga teng bo‘lgan. Hozir esa taxminan 330 ming m kv. Bu 0,12 kv mil degani.

Rim hammomlari

Rim hammomlari odamlarga gigiyenaga amal qilish uchun xizmat qilgan. Bundan tashqari, u yerda odamlar kitob o‘qigan, yangiliklar bilan bo‘lishgan.

Rim hammomlari 1968-69 yilarda Bayrut markazida ishlagan. Hammonning muhim qismlari:

•    kiyim almashtirish xonasi;
•    ichki xovli;
•    sovuq, iliq va issiq xonalar;
•    dam olish xonasi;

Hammom poli mramor va mozaika bilan qoplangan.

Ha, kechagina ulkan portlashdan silkingan Bayrut ilk davlatlar paydo bo‘la boshlaganda yuzaga kelgan qadimiy shahar. U yerda arab, O‘rater dengizi mintaqasi va bu yerlarda hukmronlik qilgan boshqa davlatlar madaniyatining unsurlarini uchratish mumkin. Livan oshxonasi ham juda boy.

Shu o‘rinda so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Bayrutdagi portlash qurbonlari soni 100 nafardan oshdi. Hukumat yetkazilgan zararni 3-5 mlrd dollar atrofida baholayapti. Falokat oqibatida 300 mingdan ortiq bayrutlik boshpanasiz qolgan.

Livan Prezidenti Mishel Aunning ma’lum qilishicha, 2750 tonna ammoniy nitrat portlagan. Bu modda 2014 yilda Rhosus kemasidan musodara qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Bayrut fojiasi

Baholaganlar

320

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing