Baydenni Putin bilan uchrashuvga AQSH razvedkasi tayyorlagan — “Time”

Olam

image

Avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden va Rossiya rahbari Vladimir Putin bir necha kunlardan keyin, aniqrog‘i 16 iyunda Shveysariyaning Jenevasida yuzma-yuz uchrashishi haqida xabar bergan edik. 

Bayden Putin bilan uchrashuvda qattiq va dadil gapirishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, uning maqsadi — Putinning qiziqqonligiga chek qo‘yib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ziddiyatni yumshatish. AQSH Prezidenti Rossiya rahbari bilan uchrashuvga qattiq tayyorgarlik ko‘rdi. Bu haqda Amerikaning “Time” jurnali o‘z manbalariga tayanib yozmoqda

Ma’lum qilinishicha, Baydenni Putin bilan uchrashuvga AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns, SSSRning parchalanishi arafisidagi AQSHning Moskvadagi sobiq  elchisi tayyorlagan.

Uilyam Berns va boshqalarning fikriga ko‘ra, Moskvaning harakatlarini “Sovuq urush” davridagidek jilovlash kerak. “Putin qayerga bormasin, u qarshilikka uchrashi kerak”, deydi AQSH Prezidenti ma’muriyatning yuqori lavozimdagi rasmiysi.

Qayd etilishicha, Jo Bayden ushbu uchrashuvni boshqarishga qodir. U Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasi a’zosi hamda vitse-prezident sifatida AQSH-Rossiya munosabatlari bo‘yicha o‘nlab yillar davomida siyosiy bahslarda qatnashgan. 

AQSH Prezidentining ushbu uchrashuvga qancha vaqt tayyorgarlik ko‘rgani borasidagi savolga Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki: “U 50 yildan beri tayyorgarlik ko‘rmoqda”, deya javob qaytargan.

“Bu tajriba Baydenga Putin bilan yuzma-yuz uchrashganda ustunlik berishi mumkin. AQSHning sobiq Prezidenti Jorj Bush 2001 yilda Putin bilan uchrashganda unga ishonishi va “uning qalbini his qila” olganini aytgandi. Bushdan farqli o‘laroq Bayden Putinga ishonmasligi va unda “ruh” yo‘qligini aytmoqda”, deya yozadi nashr.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Vladimirovich amerikalik jurnalistga bergan intervyusida AQSHning sobiq Prezidenti Donald Trampdan farqli ravishda Jo Baydenni haqiqiy siyosatchi va professional, deb bilishini aytgandi.

Ma’lumot o‘rnida, yaqinda Rossiya va AQSH davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga Shveysariya qattiq tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uchrashuv XVIII asrga oid qasrda bo‘lib o‘tadi. Xavfsizlikka ham alohida e’tibor qaratilgan. O‘sha kuni mahalliy aholining ko‘chaga chiqmasligi so‘ralgan va hatto uchrashuv vaqtida mamlakat havo hududi parvozlar uchun yopilishi aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

325

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing