Baydendan so‘ng Szinpin ham Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi
Olam
−
20 mart 2023
9547XXR raisi Si Szinpin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Navro‘z bayrami munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbekistonning milliy bayrami – Navro‘z ayyomi bilan Xitoy hukumati va xalqi hamda shaxsan o‘z nomimdan Sizni va O‘zbekiston xalqini chin qalbimdan muborakbod etishdan g‘oyat mamnunman”, deb boshlangan Xitoy rahbarining tabrigi.
Szinpin o‘tgan yili sentyabr oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifini eslab, undagi do‘stona muzokaralar natijasida mamlakatlarning strategik hamkorligini yanada rivojlantiruvchi, ikki xalq manfaatiga xizmat qiluvchi qo‘shma bayonot qabul qilingani, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish istiqbollari belgilab o‘tilganini qayd etgan.
Bundan tashqari, XXR raisi Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratishini, Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyiga rejalashtirilgan ilk “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etish uchun Xitoyga kelishini kutayotganini yozgan.
“Siz bilan birgalikda Xitoy – Markaziy Osiyo munosabatlari istiqbollari hamda mamlakatlarimizning ikki tomonlama hamkorligiga oid katta rejalarini muhokama etishimiz O‘zbekiston-Xitoy hamkorligini yanada yuqori darajaga ko‘tarishiga ishonchim komil.
Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik-salomatlik, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman. Do‘st O‘zbekiston xalqiga baxt va farovonlik hamisha yor bo‘lsin!”, deyiladi Szinpinning tabrik maktubida.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy yetakchisi ayni paytda davlat tashrifi bilan Rossiyada bo‘lib turibdi. Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden tomonidan Shavkat Mirziyoyevga tabrik maktubi yo‘llangan edi.
Javohir Qadamov
LiveBarchasi