Baydendan aqliy qobiliyatini testdan o‘tkazish yoki prezidentlik poygasidan chiqish talab qilinmoqda

Olam

image

Barak Obamaning sobiq vrachi Ronni Jekson amaldagi Prezident Jo Baydendan kognitiv test topshirish yoki 2024 yilgi Prezidentlik saylovlarida qatnashmaslikni talab qilmoqda. Bu haqda “Fox News” xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Oq uyda bir necha Prezidentlarning shaxsiy shifokori bo‘lib xizmat qilgan Ronni Jekson Jo Bayden kecha, 25 aprel kuni ikkinchi muddatga saylanish uchun kurashishni rasman e’lon qilganidan keyin buni talab qilib chiqqan. 

“Biz sizni zudlik bilan iste’foga chiqishga va qayta saylanish uchun arizangizdan voz kechishga yoki klinik jihatdan tasdiqlangan kognitiv test topshirib, natijalarini jamoatchilikka taqdim etishga chaqiramiz”, deyiladi u yo‘llagan maktubda. 

Xatda bir qancha ommaviy so‘rovlar va tahlillarga ko‘ra, ko‘plab amerikaliklar Baydenning aqliy jihatdan sog‘lig‘iga shubha qilayotgani yozilgan. 

“2020 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun arizangizni birinchi marta e’lon qilganingizda, kognitiv qobiliyatingiz bilan bog‘liq savollar va xavotirlar paydo bo‘ldi. Saylanganingizdan keyin sizning aqliy zaiflashuvingiz va unutuvchanligingiz aniqroq namoyon bo‘lgani natijasida xavotirlar ortdi. 

Amerika xalqi o‘z Prezidentiga nisbatan mutlaq ishonchga ega bo‘lishi va u davlat rahbari va Bosh qo‘mondon sifatida o‘z vazifalarini bajara olishini bilishi kerak. Shuning uchun, Amerika xalqi o‘zi saylagan rahbarining aqliy imkoniyatlari haqida to‘liq shaffoflikka loyiqdir”, deyiladi Jeksonning xatida. 

Bu kabi talablar oldin ham bir necha bor yangragan. Masalan, Prezidentni kognitiv testdan o‘tkazish haqidagi chaqiriq 2022 yilning iyul oyida 50 dan ortiq Respublikachilar tomonidan imzolangan edi. 

Baydenning aqliy qobiliyatiga nisbatan shubhalar bejizga emas. Misol uchun, u joriy yilning mart oyida Kanadaga tashrif buyurganida uning nomini Xitoy bilan adashtirib yuborgandi. Shuningdek, yanvar oyida Oq uyda nutq so‘zlash vaqtida adashib, vitse-prezident Kamala Xarrisni “prezident” deb atagandi. Bundan tashqari Baydenning nutq vaqtida “yo‘q odamlar” bilan gaplashishi yoki ularga qo‘l berishi holatlari ham tez-tez yuz berib turadi. 

Ushbu kamchilik  Respublikachilar partiyasi vakillarining va boshqa davlat arboblarining istehzolariga sabab bo‘lib keladi. Xususan, Bayden bo‘lajak saylovlarda qatnashishini e’lon qilganidan so‘ng Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirib, unda Baydenni “umidsiz boboy” deb atagan hamda amerikalik harbiylarga Bayden saylovda g‘alaba qozongan taqdirda yadroviy qurollarning soxta parolli qalbaki chamadonini tayyorlashni maslahat bergan.

Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti hozirda 81 yoshda.


Maqola muallifi

Teglar

Jo Bayden Prezidentlik saylovi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing