Bayden jahon hamjamiyatidan Putinni to‘xtatishni so‘radi
Olam
−
30 dekabr 2023
11262AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 29 dekabrda Rossiyaning Ukraina shaharlariga raketa va uchuvchisiz samolyotlar orqali bergan yirik zarbalari butun dunyoga Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi ochgan urushdagi maqsadlari to‘liq miqyosli bosqin boshlanganidan deyarli ikki yil o‘tib ham o‘zgarmaganini yana bir eslatganini aytdi. Bu haqda kecha, 29 dekabr kuni Oq uyning rasmiy veb-saytida chop etilgan maxsus bayonotida ma’lum qilindi.
Bayden Ukrainaga urush boshlanganidan beri uyushtirilgan ushbu “eng yirik havo hujumi” chog‘ida Rossiya Federatsiyasi fuqarolik infratuzilmasini nishonga olganiga e’tibor qaratdi.
Xususan, Oq uy rahbari hujumdan jabr ko‘rgan Dneprdagi tug‘ruqxona va savdo markazi nomini aytdi. Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, tungi hujum Putin “Ukrainani yo‘q qilish va uning xalqini o‘ziga bo‘ysundirishga” sodiqligini ko‘rsatgan.
“Uni to‘xtatish kerak”, deygan AQSH Prezidenti.
Bayden yana AQSH Kongressini Ukrainaga yordam berishni ma’qullashga chaqirdi. Uning aytishicha, o‘sha tunda Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiya raketalari va uchuvchisiz samolyotlarining ko‘p qismini urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan, bunga ittifoqchi davlatlardan havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilgani qo‘l kelgan.
“Amerika xalqi hayotni saqlashga yordam berayotganidan faxrlanadi”, degan Bayden.
Shu bilan birga, u Kiyev hali ham tashqi yordamga muhtojligini, shuning uchun AQSH Kongressi Kiyevga harbiy ta’minot masalasida “kechiktirmasdan harakat qilishi” kerakligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, AQSH Kongressi Rojdestvo dam olish kunlari boshlanishi munosabati bilan Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini tasdiqlashni keyinga surgan. Keyinchalik Jo Bayden paketga Isroilga HAMASga qarshi urushda yordam berish taklifini qo‘shdi, ammo bu mablag‘ni tasdiqlay olmadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bayden AQSHning 2024 yil uchun mudofaa byudjetini imzolagan. Unda yaqin kelajakda Ukrainaga kamida 600 million dollar ajratishni nazarda tutilgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 2023 yilda AQSH Kiyevga 24 milliard dollardan ortiq harbiy yordam ko‘rsatganini bildirdi.
LiveBarchasi