Bayden yoshlar orasida hurmatini yo‘qotyapti 

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Baydenning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori bo‘lmagani sababli AQSHdagi yosh saylovchilar orasida mashhurligi pasaymoqda. Bu haqda kecha, 23 noyabr kuni “The Washington Post” gazetasi yozdi.

Qayd etilishicha, Yaqin Sharqda qurbonlar soni ortib borayotgani fonida ba’zi yosh saylovchilar Prezident Baydenning munosabatidan ko‘ngli qolib, uchinchi tomon nomzodiga ovoz berish (ya’ni, demokrat yoki respublikachi bo‘lmagan nomzodga) yoki umuman ovoz bermaslik haqida o‘ylamoqda. 

Gazeta jurnalistlari talabalar bilan suhbatlashgan va Baydenning urush haqidagi pozitsiyasi 2024 yilgi saylovlar oldidan yosh saylovchilar orasida uning qo‘llab-quvvatlanishini kamaytirish bilan tahdid qilmoqda, degan xulosaga kelgan. 

Gap shundaki, Bayden haligacha G‘azo sektorida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlamagan.

“Baydenning yoshi bilan bog‘liq xavotirlar fonida, ba’zi liberal talabalar uchinchi tomon nomzodlariga ochiqlik bildirishdi va AQSH prezidentlik saylovlarida Bayden va Tramp o‘rtasidagi kurashning ehtimoliy takrorlanishidan norozi ekanini aytdi”, deyiladi xabarda. 

Shunga qaramay, Qo‘shma Shtatlardagi saylovchilarning aksariyati Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishini hisobga olib, Isroilni qo‘llab-quvvatlashga moyil. Biroq, so‘rovlarga ko‘ra, yosh amerikaliklar ko‘pincha Isroil juda qo‘pol harakat qilmoqda, deb hisoblamoqda. 

Ma’lumot uchun, AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadi. Joriy yilning 25 aprel kuni Bayden oliy hukumat lavozimiga qayta saylanish uchun kurashayotganini e’lon qilgan. Tramp esa 2022 yil noyabridayoq saylovoldi poygasiga kirishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroilning G‘azodagi harakatlari sabab Jo Baydenning siyosatini ma’qullash reytingi 2021 yilda u prezidentlikka kelganidan beri rekord darajaga tushib ketgani ma’lum bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing