Bayden Yerevanni “tashlab qo‘ymaslikka” va’da berdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga maktub yo‘llab, unda Vashington va Yerevan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda davom etishiga ishontirdi. Bu haqda Armaniston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maktubni mamlakatga kelgan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Samanta Pauer yetkazgan.

“Ishontirib aytamanki, mamlakatingizda demokratiyani mustahkamlash va barqarorlikka intilish yo‘lida AQSH siz bilan birga bo‘ladi”, deyiladi Baydenning maktubida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington Yerevanga (tan olinmangan) Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro munosabati bilan gumanitar yordam beradi. Shuningdek, mamlakat energetikani diversifikatsiya qilish, barqarorlik va xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytiradi, bu niyat qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarda ham o‘z isbotini topadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi gumanitar vaziyatdan chuqur xavotir bildirib, insonparvarlik tashkilotlarining yordamga muhtoj odamlarga to‘siqsiz ko‘mak berishi zarurligini bildirgandi.

Joriy yilning 19 sentyabr kuni (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘da vaziyat yana keskinlashdi. Baku “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. Rossiya mojaro tomonlarini qon to‘kishni to‘xtatib, diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingenti ishtirokida Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Nikol Pashinyan Armaniston Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing