Bayden Yaqin Sharqdagi amerikalik harbiylarga hujum javobsiz qolmasligini aytdi 

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Iordaniyadagi Amerika bazasiga uyushtirilgan hujumga javob qaytarish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda u matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Biroq, Bayden rejalashtirilgan javob haqida aniq ma’lumot bermagan. U faqat o‘zi va boshqa rasmiylar bir necha bor aytgan so‘zlarini takrorladi – "Vashington mintaqadagi mojaroni kengaytirishga intilmayapti".

“Menimcha, Yaqin Sharqdagi urushning kengayishi bizning foydamizga ishlamaydi”, deydi AQSH Prezidenti.

Bo‘lajak javob haqiqatan ham Eronni to‘xtatadimi, degan savolga Bayden: “Ko‘ramiz”, deb javob qaytargan.

O‘z navbatida, Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbatda Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi Qo‘shma Shtatlar turli guruhlarning Amerika kuchlariga hujum qilish qobiliyatini kamaytirish zaruratini hisobga olgan holda ish olib borishini aytdi.

"Prezident bizning qo‘shinlarimiz va ob’ektlarimizni himoya qilish, milliy xavfsizligimiz va mintaqadagi manfaatlarimiz haqida qayg‘urish uchun qo‘lidan kelganini qiladi", deydi Kirbi.

Ma’lumot uchun, Iordaniya va Suriya chegarasi yaqinidagi bazaga qilingan hujum uchun javobgarlikni Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlangani aytiladigan “Iroq qarshilik harakati” guruhi o‘z zimmasiga olgan. Ayni paytda Pentagon hujumda Eron tomonidan aloqador deb ko‘riladigan Iroqning “Kataib Hizbulloh” guruhining “izlari” borligini aytdi.

Umuman olganda, turli guruhlar Vashingtonning javob hujumlariga qaramay, mintaqadagi Amerika harbiy ob’ektlariga 160dan ortiq zarba bergan.

Eslatib o‘tamiz, 27 yanvar kuni dron hujumi oqibatida uch nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan va bir necha o‘nlab kishi jarohatlangan edi. “Politico” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Jo Bayden Suriya-Iordaniya chegarasida AQSH kuchlariga qilingan hujumga qarshi javob choralarini ishlab chiqishni buyurgani, ehtimoliy takliflar qatorida Iroq va Suriyadagi Eron harbiy xizmatchilariga hujum ham ko‘rib chiqilayotganini yozgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing