Bayden va Jonson 80 yil oldin imzolangan Xartiyani yangiladi

Olam

image
0:00
0:00
download

AQSH Prezidenti Jo Bayden va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson kecha, 10 iyun kuni Britaniyaning janubi-g‘arbiy qismidagi Kornuoll grafligida uchrashdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.  

Siyosatchilar turmush o‘rtoqlari bilan birgalikda Karbis-Bey kurorti qirg‘og‘i bo‘ylab sayr qilishgan. AQSH Prezidentiga mahalliy tabiat juda yoqib qolganidan u uyiga qaytishni istamasligini aytib hazillashgan. 

Uchrashuvda tomonlar pandemiyaga qarshi kurash, iqlim o‘zgarishi va ikki tomonlama aloqalarni muhokama qilgan. Bayden va Jonson 1941 yilda imzolangan Atlantika Xartiyasidan ilhomlangan holda yangi Atlantika Xartiyasini tasdiqlagan. O‘sha paytda unga Buyuk Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill va AQSH Prezidenti Franklin Ruzvelt imzo chekkan edi. 

“Bugun uzoq yillik majburiyatimizga asoslanib, va’dalarimizni tasdiqlash va ushbu asrning asosiy muammolari: kiberxavfsizlik, yangi texnologiyalar, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish uchun yangilangan Atlantika Xartiyasini qabul qilmoqdamiz”, degan Bayden. 

Hujjatda mamlakatlar global muammolarga — global mudofaa va xavfsizlikdan tortib koronavirusdan iqtisodiy tiklanishgacha, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga qadar birgalikda harakat qilishga va’da bergan. 

“Biz qonun ustuvorligini, shuningdek, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Shuningdek, adolatsizlik va tengsizlikka qarshi kurashamiz, qadr-qimmat va inson huquqlarini himoya qilamiz”, deyilgan hujjatda.

Xabarga ko‘ra, ular Afg‘oniston, Xitoy, Eron va Rossiyani o‘z ichiga olgan bir qator tashqi siyosat masalalarini ham muhokama qilgan. 

Bayden va Jonsonning uchrashuvi Buyuk Britaniyada bugun, 11 iyun kuni boshlanadigan “Katta yettilik” (G7) mamlakatlari sammiti arafasida bo‘lib o‘tgan. G7 davlatlari rahbarlarining sammitda pandemiya, iqtisodiyot kabi masalalarni muhokama qilishi kutilmoqda. Qirolicha Yelizaveta II Baydenni 13 iyun kuni Vindzor qasrida qabul qilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 1941 yilda imzolangan Atlantika Xartiyasida fashistlar Germaniyasi va uning ittifoqchilariga qarshi urushning maqsadlari, urushdan keyingi davrda dunyoning tuzilishi, xususan hududlarni bosib olishdan voz kechish hamda xalqlarning o‘zini idora etish usulini o‘zi tanlash huquqi to‘g‘risida umumiy tarzdagi fikrlar bildirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jonson Bayden

Baholaganlar

40

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing